7 Iyul 2020 yil 958

QАSHQАDАRYODА “QUROL” MАXSUS PROFILАKTIK TАDBIRI OʼTKАZILMOQDА

Oʼzbekiston Respublikasining 2019 yil 29 iyuldagi “Qurol toʼgʼrisida”gi OʼRQ-550-son Qonuni, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining  2020 yil      8 apreldagi tegishli Farmoni hamda Ichki ishlar vazirligining 2020 yil   25 iyundagi tegishli koʼrsatmasiga asosan fuqarolarga tegishli boʼlgan qurollarning saqlanishi va ulardan foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, qurol bilan bogʼliq turli nohush holatlarning oldini olish boʼyicha targʼibot tadbirlari samaradorligini oshirish maqsadida viloyat hududida “Qurol” maxsus profilaktik tadbiri oʼtkazilmoqda.

Qayd etish lozim, tadbirdan koʼzlangan asosiy maqsad fuqarolar tomonidan shaxsiy qurol va uning oʼq-dorilarini saqlash hamda foydalanish tartiblariga rioya etilishini tekshirish, ishonchli saqlanishiga toʼsqinlik qiluvchi shart-sharoitlarning bartaraf etish, jinoyat va baxtsiz hodisalarning yuzaga kelishiga zamin yaratuvchi omillarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olishga qaratilgan maqsadli tadbirlarni tashkil etish, aniqlangan kamchiliklar boʼyicha oʼz vaqtida amaliy choralar koʼrishdan iborat.

Tadbirga 1142 nafar ichki ishlar organlari xodimlari va 15 nafar ovchilik jamiyati ishchi-xizmatchilari jalb qilinib, hozirga qadar viloyat boʼyicha 1929 nafar ov quroliga ega shaxslar tomonidan qurol va oʼq-dorilarni saqlash hamda ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilayotganligi boʼyicha tekshiruvlar oʼtkazildi. Ular bilan profilaktik suhbatlar oʼtkazilib, ushbu qoidalar yana bir marotaba tushuntirildi hamda tilxatlar olindi.

Tekshiruv davomida qurolni saqlash va olib yurish qoidalarini buzgan 50 nafar fuqarolarga nisbatan MJtKning 221-moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Shuningdek, qurolga egalik qilishga nomuvofiq xulq-atvori, turmush tarzi va boshqa salbiy asoslar boʼyicha 2 nafar fuqarolardan (2 nafar oilaviy notinchlik uchun) ov qurollari vaqtinchalik ichki ishlar organlariga hujjatlashtirib olindi.

Hozirda viloyat boʼyicha tadbir davom etmoqda.

 

ESLАTMА: Qurol saqlash va undan foydalanish boʼyicha asosiy qoidalar:

- qurol va uning oʼq-dorilari qurol egasining doimiy yashash joyida (qurolni saqlash va olib yurish huquqini beruvchi ruxsatnomada qayd etilgan manzil boʼyicha) saqlanishi lozim;

- ovchilik badali va davlat bojini oʼz vaqtida toʼlab borish;

- qurolni saqlash va olib yurish huquqini beruvchi ruxsatnomaning amal qilish muddatiga doimiy rioya qilish talab etiladi.

 Qashqadaryo viloyati IIB Аxborot xizmati

Text to speech