Qashqadaryoda jinoyatlarni oldini olish va fosh etish tanqidiy-tahlil etildi
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida joriy yilning birinchi yarmida jinoyatlarni oldini olish, ro‘y berganlarini fosh etish, fuqarolar va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan tanqidiy va tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Najmiddin To‘raxodjayev, Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlar va sohaviy xizmatlar, shahar- tuman IIB boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, tezkor xizmat vakillari ishtirok etgan yig‘ilishni boshqarma boshlig‘i, polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev ochdi.
Yig‘ilishda boshqarma boshlig‘i joriy yilning birinchi yarmida viloyatda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izlar”da fosh etish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy-tahlil qildi.
Vohada jinoyatchilikning ildiziga bolta urish va unga qarshi kurash, sodir etilganlarini izlar bosilmay fosh etish, qonunbuzarliklarga barham berish, jamoat va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar talab darajasida amalga oshirilmagani ta’kidlandi.
Vohada qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish, ro‘y berganlarini fosh etish borasida amalga oshirilgan ishlar, faoliyatda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilinib, tegishli sohaviy xizatlar rahbarlari oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.
Ichki ishlar organlari xodimlari huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash, osuda turmushga zamin hozirlashda keng jamoatchilik, ayniqsa, mahalliy hokimliklar, qishloq, mahalla faollari, korxona va tashkilotlar rahbarlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
Ushbu jarayonda ogohlikni yanada kengroq targ‘ib etib, yoshlarni turli illatlar domiga tushib qolishining oldini olish bosh vazifa bo‘lmog‘i lozim. Bu borada kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha sohaviy xizmatlar rahbarlari vazifador etilib, mas’uliyati oshirildi.
Bundan tashqari, shahar-tumanlarda sektor ishchi guruhlari tomonidan “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” ishlash, hududlarda kommunal sohadagi kamchiliklarni muntazam nazorat qilib, uchraydigan muammolarni tezda bartaraf etish, asosiy e’tibor aholining e’tiroziga sabab bo‘luvchi holatlarni barvaqt aniqlash va ushbu muammolarni sektor rahbarlari, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hal etish bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligi ishtirokchilarga e’tiboriga yetkazildi.
Ko‘lami keng yig‘ilishda tizimda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham atroflicha tahlil qilinib, bunga sababchi bo‘lgan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.