Qashqadaryo viloyati IIBda joriy yilning 10 sentabr kunidan 10 oktabr kuniga qadar “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” tadbiri boshlandi
Qashqadaryo viloyati IIBda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2022 yil 7 sentabr kunidagi “Ichki ishlar organlari tizimida kasbiy tayyorgarlik oyligini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan, Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalarida joriy yilning 10 sentabr kunidan 10 oktabr kuniga qadar “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” tadbiri boshlangani munosabati bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda IIV mas’ul xodimi, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari ishtirokida viloyat IIB tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlarining kadrlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda shahar-tuman IIBlari boshliqlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari videoselektor orqali qatnashdi.
Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev o‘z so‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktabrdagi PF-6099-sonli “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda Ichki ishlar vazirligining “Ichki ishlar organlarida xizmat, jangovar, jismoniy va axloqiy-psixologik tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2018 yil 17 yanvardagi 17-sonli buyrug‘iga muvofiq ichki ishlar organlari tizimida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, xodimlarning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi hamda ularning kasbiy tayyorgarlik darajasini yanada mustahkamlash maqsadida tizimda amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish lozimligini ta’kidladi.
Muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishda IIV Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi bosh mutaxassisi katta leytenant Asqar Boynazarov kasbiy tayyorgarlik oyligida xodimlarning intellektual bilimini oshirish, huquqni qo‘llash amaliyotida normativ-huquqiy va idoraviy hujjatlarni to‘g‘ri sharhlash va undan samarali foydalanish bo‘yicha kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish, ularning ma’naviy-ma’rifiy saviyasi, umumiy dunyoqarashi, ijtimoiy-siyosiy ongi hamda ularda yuksak vatanparvarlik, g‘urur, iftixor, kasbiga nisbatan fidoiylik va sadoqat tuyg‘ularini yanada yuksaltirish ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, xodimlarning ommaviy axborot vositalari, blogerlar va fuqarolar bilan muloqotda qo‘pol munosabatda bo‘lishini oldini olish hamda stress vaziyatlarda o‘zini-o‘zi boshqarish va tezkor qaror qabul qilish bo‘yicha ko‘nikma va malakalarini shakllantirish, jangovar va o‘z ixtisosligiga oid boshqa vazifalarni bajarishda zarur bo‘ladigan jismoniy sifatlarini talab darajasida saqlash, yanada rivojlantirish hamda maxsus vositalar, o‘q otar qurollar va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan mohirona foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlashga ham e’tibor qaratiladi.