Qashqadaryo viloyati IIB xodimlari АBU MUIN NASAFIY ziyoratgohida boʼlishdi
Bugun Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari Islom dunyosida “Haqiqat qilichi” rutbasi bilan tanilgan alloma XI asrda yashagan Аbu Muin Nasafiyning Qarshi tumanidagi Qovchin qishlogʼida joylashgan ziyoratgohda boʼlishdi.
Abu Mansur Moturidiya asos solgan Moturidiya taʼlimotining dunyoga yoyilishiga katta hissa qoʼshgan Аbu Muin Nasafiy bobomiz aqida ilmining buyuk namoyondalaridan biri. Аbu Muin Nasafiy islom dini sofligini saqlash, aqidaparastlikka qarshi kurashishga qaratilgan koʼplab ilmiy asarlar yozgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʼida Аbu Muin Nasafiy maqbarasini obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, bu maskanda kutubxona tashkil etish, buyuk olim asarlarini tarjima qilib, xalqimizga yetkazish boʼyicha tavsiyalar bergan edi.
Shunga muvofiq oʼtgan davrda bu yerda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Mazkur ziyoratgohda Qurʼoni karimning asl qoʼlyozma nusxasi mavjud boʼlib, bu kitob qadimgi Samarqand qogʼoziga bitilgan, xattotlik elementlari bilan bezatilgan.
Bunday tadbirlar ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini boyitish bilan birga ajdodlar merosiga hurmat va xalq manfaatlariga xizmat qilish sharafli va muqaddas burch ekanini ular ongiga singdirishda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu ziyoratgoh fiqh ilmi tarafdorlari va yoshlar uchun ilm-maʼrifat va ziyo maskanlaridan biri boʼlib, Islom olami uchun noyob xazinadir.