19 Fevral 2021 yil 1213

Qashqadaryo viloyati IIB M va FRB tomonidan 13258 nafar fuqarolarga ID-karta rasmiylashtirildi.

Maʼlumki, 2020 yil 22 sentyabrda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʼzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF – 6065- sonli Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonda mamlakatimizda axborot tizimini jadal rivojlantirish, aholiga davlat xizmatlarini koʼrsatishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, turli axborot tizimlarida va masofaviy xizmat koʼrsatishda shaxsni identifikatsiyalashning yagona mexanizmini joriy etish maqsadida, Respublikaning mavjud biometrik pasport tizimi infratuzilmasi negizida Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti oʼrniga 2021 yildan boshlab identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish nazarda tutilgan.
Identifikatsiya ID-kartalarini olish va almashtirish uchun Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari, oʼz ixtiyoriga koʼra xohlagan Ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlinmalariga, ularni almashtirish uchun esa davlat xizmatlari markazlariga ham murojaat qilishi mumkin.
Identifikatsiya ID-kartalarini olish uchun Oʼzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar doimiy yashash joyi boʼyicha roʼyxatga olingan manzildagi ichki ishlar organining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlinmasiga, almashtirish uchun esa oʼz ixtiyoriga koʼra xohlagan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlinmalariga murojaat qilish imkoniyati mavjud.
Fuqaro oʼz ID-kartasini olish yoki almashtirish yuzasidan oʼz vaqtida murojaat qilmagan, yaroqsiz holga keltirgan va yoʼqotib qoʼygan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi.
Yangi tugʼilgan bolaga identifikatsiya ID-kartalari majburiy berilmasdan, uning tugʼilishi FHDYo organi tomonidan qayd etilib, tugʼilganlik haqidagi guvohnoma taqdim qilinganidan soʼng, ota-onasi, vasiylari (homiylari) ixtiyoriga koʼra rasmiylashtirilishi mumkin.
Identifikatsiya ID-kartalari belgilangan hujjatlar qabul qilib olingandan soʼng bir ish kuni mobaynida rasmiylashtirib beriladi.
Farmonga asosan, Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari biometrik pasportlari hamda fuqaroligi boʼlmagan shaxs va chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalarini identifikatsiya ID-kartalariga almashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 31 dekabrgacha ixtiyoriylik asosida 16 yoshga toʼlganda hamda qonunchilikda koʼzda tutilgan boshqa sabablarga koʼra;
ikkinchi bosqichda 2023 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti 2031 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Identifikatsiya ID-kartasini rasmiylashtirish uchun Oʼzbekiston Respublikasining «Davlat boji toʼgʼrisida»gi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi. Hozirgi kunda Qashqadaryo viloyati IIB M va FRB tomonidan 13258 nafar fuqarolarga ID-karta rasmiylashtirildi.

Text to speech