28 Fevral 2023 yil 783

Qashqadaryo viloyati IIB DPM Tibbiyot bo‘limi SENM ogohlantiradi: mavsumiy suvchechak kasalligidan ogoh bo‘ling!

“Suvchechak” kasalligidan ogoh bo‘ling!

Yer yuzida shunday kasalliklar borki, bu kasalliklarni boshqarib bo‘lmaydi. Inson o‘zi xohlamagan, o‘zi bilmagan holatda shu kasalliklarni yuqtirib oladi. “Suvchechak” kasalligi ana shunday virusli havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan kasalliklar toifasiga kiradi.

Suvchechak kasalligi asosan qish va bahor mavsumlarida keng tarqaladigan mavsumiy kasallik bo‘lib, hayoti davomida shu kasallik bilan kasallanmagan insonlargina kasallanadi.

 Suvchechak (lot. Varicella) — bir qator virusli infeksiyalarning umumiy nomi. Butun tana bo‘ylab qizil toshmalar va donachalar paydo bo‘lishi bilan namoyon bo‘ladi. Kasallik juda kamdan-kam hollarda takroran kuzatilishi mumkin. Odatda insonlar hayoti davomida bu kasallik bilan bir marta kasallanishadi.

 

Infeksiya toshma va boshqa alomatlar boshlanishidan taxminan 7-21 kun oldin organizmga tushgan bo‘ladi. Odam terisiga toshma toshishi boshlanguniga qadar 48 soatgacha boshqalarga kasallik yuqtiruvchi bo‘lib hisoblanadi.

Suvchechak kasalligi virusini yuqtirgan bemorlar tanasiga toshma toshishidan tashqari boshqa belgilar, ya’ni tana harorati ko‘tarilish (isitma), bosh og‘rishi va ishtaha yo‘qolishi kabi belgilar ham namoyon bo‘ladi.

Bemorda bu alomatlar kuzatilganidan bir yoki ikki kun o‘tgach, toshma rivojlanishi boshlanadi. Odam sog‘ayishdan oldin kasallikning uch bosqichidan o‘tadi. Bularga quyidagilar kiradi:

Qizil va pushti donachalar butun tanada rivojlanadi;

Donachalar suyuqlik bilan to‘lgan pufakchalarga aylanadi;

Pufakchalar qattiqlashib, yuzaki qobiq paydo bo‘ladi.

Tanadagi toshmalar bir vaqtning o‘zida yo‘qolmaydi. Virus faoliyati davomida doimiy ravishda yangi pufakchalar paydo bo‘laveradi. Pufakchalar juda qichishi mumkin, ayniqsa, chaqa (yara) hosil bo‘lishidan oldin. Donachalar butunlay yo‘qolishi uchun 7-14 kun vaqt ketadi.

 

Virus quyidagi yo‘llar bilan tarqaladi:

So‘lak;

Yo‘tal;

Aksa urish;

Pufakchalardagi suyuqlikni ushlash.

 

Suvchechak havo-tomchi yo‘li bilan tarqaladi.Kasallik asosan 6 oylikdan

7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ta’sir ko‘rsatadi. Kasallik shifo topgandan so‘ng organizmda barqaror immunitet hosil bo‘ladi. Suvchechakning yashirin davri

11-21 kun davom etadi.

Suvchechak tashxisi qo‘yilgan bemorlarning ko‘pchiligi virusning faolligida kasallik belgilarini nazorat qilishlari kerak. Suvchechak kasalligi aniqlangan bemorlardan (bolalar va kattalar) virus tarqalishini oldini olish uchun ularni to‘g‘ri parvarish qilish kerak. Virus bilan zararlangan bemorlar uyda qolishlari va boshqa oila a’zolaridan alohidalanishi tavsiya etiladi. Shifokor ko‘rsatmasiga asosan dori vositalarini qabul qilish zarur.

Suvchechak kasalligining profilaktikasi:

Suvchechak kasalligini oldini olish uchun eng avvalo, immunitet tizimni mustahkamlash zarur. Immunitetni mustahkamlash maqsadida, birinchi navbatda tonggi badantarbiya mashqlarini bajarish, oqsilga hamda vitaminga boy bo‘lgan oziq-ovqat, sabzavot mahsulotlarini iste’mol qilish, xizmat xonalarini va yotoqxonalar havosini tez-tez almashtirib turish, vaqti-vaqti bilan xonalarga isiriq tutatish ham suvchechak virusi tarqalishini oldini olishga yordam beradi. Shuningdek, profilaktik dezinfeksiya tadbirlarini sifatli o‘tkazilishini tashkil etish maqsadga muvofiqdir.

Text to speech