Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan OIV infektsiyasi yuqishi va uni oldini olish boʼyicha profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.
Insonda OIV - orttirilgan imunodefitsit virusi. U inson immun tizimini zararlab, boshqa yuqumli kasalliklarni ham chaqiradi. Odamda orttirilgan imunodefitsit virusi uzoq davom etuvchi surunkali yuqumli infektsiyalar qatoriga kiradigan antroponoz kasallikdir.
Qashqadaryo viloyatida bu kasalliklarni oldini olish va profilaktika qilish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari, viloyat Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromiga qarshi kurash markazi mutaxassis-shifokorlari oʼzaro hamkorlikda Qarshi shahridagi bir martalik ish bilan taʼminlash byurosi tasarrufidagi mavsumiy ishchilar bilan profilaktik tadbir uyushtirildi.
Unda 30 nafardan ortiq fuqarolar jalb etilib, ular bilan insonda orttirilgan imunodefitsit virusining yuqish yoʼllari va ehtimoli xususida ishtirokchilarga atroflicha tushunchalar berildi. Ulardan profilkatik tekshiruv uchun qon namunalari olindi. Tekshiruv natijalari ijobiy chiqqach, ishtirokchilarga inson organizmida immun tanqisligini keltirib chiqaradigan bu kasallik belgilari namoyon boʼlmasligi, zararlangan shaxs virus tashuvchi hisoblanib, keyinchalik orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi yuzaga kelishi tushuntirildi. Virus yuqishi odamning jinsi va yoshidan qatʼiy nazar, bir xil. Immuntanqislik virusini yuqtirib olgan shaxslar infektsiyaning manbai hisoblanadi. Natijada bemor oilasi yoki boshqalar bilan pala partish jinsiy hayot kechirish orqali boshqalarga ham kasallik yuqtirishi mumkin. Kasallikni boshqalarga yuqishini oldini olish va profilaktikasi borasida Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi markazi mutaxassis shifokorlari ishtirokchilarga tegishli tushuncha va koʼnikma, tavsiya va takliflarini berishdi.
Bu kasallikka asosan uzoq muddat mehnat migratsiyasida boʼlib, sogʼlom turmush tarziga amal qilmay qaytib kelganlar sababchi boʼlishi mumkin. Shuning uchun mehnat migrant¬lari orttirilgan imunodefitsit virusi boʼyicha tibbiy koʼrikdan oʼtishlari lozim. Tibbiy koʼrik davrida kasalliklar aniqlansa, ularni oʼz vaqtida davolash choralari koʼriladi. Bu kasallikka chalingan fuqarolar bepul dori-darmon bilan toʼliq taʼminlanadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 113-moddasida “Tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish” yaʼni bila turib, boshqa shaxsni tanosil kasalligini yuqtirish xavfi ostida qoldirish —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Bila turib, boshqa shaxsni OIV kasalligi/OITSni yuqtirish xavfi ostida qoldirish yoki unga OIV kasalligi/OITSni yuqtirish —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shaxsning kasb yuzasidan oʼz vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida boshqa shaxsga OIV kasalligi/OITSni yuqtirishi —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan toʼrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.