4 Iyun 2022 yil 646

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yoʼl harakati xavfsizligi boshqarmasida “Til millat boyligi” mavzusida “Maʼrifat darsi” boʼlib oʼtdi


Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yoʼl harakati xavfsizligi boshqarmasida “Til millat boyligi” mavzusida “Maʼrifat darsi” boʼlib oʼtdi. Unda boshqarma rahbariyati, tarkibiy boʼlimlari xodimlari ishtirok etdi. 
Yigʼilishda til millatimiz faxri, jamiyatimiz koʼzgusi qalb oynasi ham ekanligi, ona tilimizga doimo eʼtiborli boʼlib, uning jamiyatimizdagi mavqeini yuksaltirishga har bir fuqaro oʼz hissasini qoʼshishi lozimligi taʼkidlandi.
Zero, til bor ekan, millat barhayot. Til bor ekan, yurtning istiqboli nurli va charogʼon boʼladi. Binobarin, millatimizning bebaho boyligi, hurligimiz timsollaridan biri boʼlgan davlat tilini buzib qoʼllashga, undagi iboralar maʼnosini anglamasdan notoʼgʼri ishlatishga hech kimning haqqi yoʼq.
Har bir vazirlik va idorada davlat tilida ish yuritishda eʼtiborli boʼlish, ichki ishlar organlari tizimida hamon boshliqni «oʼrtoq nachalьnik», YPX inspektorini «komandir», «xoʼp boʼladi»ni «yest» tarzida ishlatmasdan ona tilida muloqot qilish lozim.
Oʼzbek tili jahondagi eng boy va chuqur tarixiy ildizlarga ega boʼlgan tillardan biridir. Ona tilimiz buloqdek toza va musaffo, isteʼmolga doim yaroqli boʼlishi shart. Demak, har birimiz davlat tiliga boʼlgan eʼtiborni mustaqillikka boʼlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Bu barchamizning muqaddas burchimizdir.

Text to speech