17 Noyabr 2021 yil 536

Qashqadaryo viloyat IIB da “Vatanimiz bayrogʼi – faxrimiz, gʼururimiz!” shiori ostida tadbir boʼlib oʼtdi.

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida 18 noyabr - Oʼzbekiston Respublikasi davlat bayrogʼi qabul qilingan kun munosabati bilan “Vatanimiz bayrogʼi – faxrimiz, gʼururimiz!” shiori ostida tadbir boʼlib oʼtdi. Uni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi oʼrinbosari polkovnik Xabibullo Bozorov ochib, bu Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan “Muqaddasdir Vatan bayrogʼi!” shiori ostida xalqimiz tomonidan keng nishonlanishini bildirdi.

Tadbirda soʼzga chiqqan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʼlimi bosh yetakchisi Xosiyat Maxmanova bayroq har bir millatning gʼururi va faxri timsoli ekanligini taʼkidladi. Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʼi ham Vatanimizning beqiyos ramzidir. Shuni aytish lozimki, bayroq qadim-qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli boʼlib kelgan. Ajdodlarimiz ham yurt bayrogʼini muqaddas bilib, uni koʼz qorachigʼidek asraganlar. Davlatimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, gʼalaba timsoli boʼlgan.

Bayrogʼimiz 1992 yilning 2 martidan Oʼzbekiston toʼlaqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohida ham hilpiray boshladi. Bayrogʼimiz timsolida dunyoning har qaysi nuqtasida ham Oʼzbekiston degan himoyachimiz, suyanchigʼimiz borligini his qilamiz. Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. Oʼzbekiston farzandlari qaerda boʼlmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrogʼini ardoqlaydi.

Text to speech