QАSАMINGGА SODIQ BOʼL!
IIV Qashqadaryo akademik litseyida ichki ishlar organlariga xizmatga kirgan xodimlarning qasamyodi va litseyni bitiruvchi oʼquvchilarga diplom topshirish tadbiri boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, Janubi-gʼarbiy maxsus harbiy okrugi Аviatsiya bilim yurti harbiylari, ichki ishlar organlari faxriylari va qasamyodga yigʼilgan xodimlarning ota-onalari va OАV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda harbiy orkestr sadolari ostida davlatimiz bayrogʼi maydonga olib kirildi. Soʼngra, davlatimiz madhiyasi yangradi.
Shundan soʼng boshqarma boshligʼi oʼrinbosari polkovnik X.Bozorov tadbirni ochib, soʼzni Qashqadaryo viloyati IIB boshligʼi polkovnik Sh.Satvoldievga berdi.
- Bugun tizim xodimlari “Saf maydoni”da Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilingan yosh xodimlarning ona-Vatanga qasamyodi hamda IIV Qashqadaryo akademik litseyi bitiruvchilariga diplom topshirish uchun saf tortishgan. Xizmatga qabul qilingan ushbu yoshlarimizni ichki ishlar organlari xodimi, degan sharafli nomga sazovor boʼlayotganliklari hamda litsey oʼquvchilarini bitiruv kuni bilan samimiy muborakbod etib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan ichki ishlar organlarida bir qator islohotlar amalga oshirilayotganini, bundan asosiy maqsad ichki ishlar organlarini xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, profesional tuzilmaga aylantirishdir, - dedi polkovnik Sh.Satvoldiev. – Davlatimiz rahbarining “Аgar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun boʼlsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar sohasi, desak, ayni haqiqat boʼladi” – degan ibratli soʼzlari ichki ishlar organlariga boʼlgan ishonchning bir koʼrinishidir.
Shunday ekan, yoshlar bugun qabul qilayotgan “Qasamyodi”ga sodiq boʼlib, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan, mamlakatimiz suverenitetini mustahkamlash yoʼlida vijdonan xizmat olib borib, ichki ishlar organlari xodimi degan sharafli nomga munosib boʼlishini bildirdi.
Ichki ishlar organlari xodimlari yuksak vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga, dastlabki kasbiy bilim va koʼnikmalarga ega, aqlan va jismonan yetuk boʼlishi bugungi kun talabi. Shu maqsadda tashkil etilgan Ichki ishlar vazirligining Qashqadaryo akademik litseyini bitirgan 220 nafar oʼquvchilarda bu xislatlar toʼliq shakllangani, endi bitiruvchi oʼquvchilar respublikamizdagi turli oliy taʼlim muassasalarida tahsil olib, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Yakunda ichki ishlar organlariga xizmatga kirgan xodimlarning qasamyodi qabul qilinib, litseyni bitiruvchi oʼquvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.