7 Sentyabr 2021 yil 503

Qarshi shahrida mayda bezorilik sodir etib, maxsus qabulxonada saqlanayotgan xuquqbuzarlar bilan yakka tartibda va umumiy profilaktik suxbatlar olib borilmoqda.

Jinoyatning katta kichigi boʼlmaydi. Qonunbuzarlikka ilk qoʼl urgan odam agar jazolanmasa, u qayta jinoyat sodir etishi tayin. Аyniqsa, bilib-bilmay, ehtiyotsizlik ortidan yoki oʼzgalar daʼvati bilan huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning keyingi gal jinoyatga qoʼl urish ehtimoli ortadi.
Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda viloyat hududida oʼtgan davrda sodir etilgan qonunbuzarliklarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, bunga koʼproq hali qilayotgan qilmishining mohiyatini yaxshi anglab yetmagan yoshlarning muqaddam sudlanganlar yoki boshqa toifa shaxslar taʼsiriga tushib qolayotgani maʼlum boʼldi.
“Kasallikni davolashdan koʼra, oldini olgan afzal” deganlaridek, jamoat joylarida, koʼcha kuyda sodir etilayotgan aksar jinoyatlar va huquqbuzarliklarni sodir etayotgan yoshlarning turmush tarzi, qiziqishlari va kelgusi hayotiy rejalari bilan yaqindan tanishish maqsadida viloyat IIB boshligʼining birinchi oʼrinbosari polkovnik Jasurbek Аtaev boshqarma PPX va JTSB Maxsus qabulxonasida boʼlib, sodir etgan huquqbuzarligi uchun jazo muddatini oʼtayotgan yoshlar bilan profilaktik suhbatlar oʼtkazdi.
Yursang sayoq, yeysan tayoq, degan xalq naqli bejizga aytilmagan, albatta. Maʼmuriy huquqbuzarligi uchun ayni paytda jazo oʼtayotgan yoshlar bu iboraning haqiqatligini shu yerga kelib tushunib yetishdi. Oʼtkazilayotgan profilaktik suhbatlarda xoh katta, xoh kichik boʼlsin, har qanday qonunga xilof harakat uchun javobgarlik muqarrarligi jonli misollar asosida tushuntirildi.
Ochiq muloqot, tahlil, mulohaza va muhokama ruhida kechgan profilaktik suhbatlarda tungi kafelardagi ulfatchilikdan soʼng sarxush joʼralar bazmni davom ettirish maqsadida boshqa manzilda yigʼilishgani, shu payt yonlaridan bir yigit mashinada soʼkinib oʼtib ketgani misol tariqasida keltirildi. Shundan soʼng sarxush shovvozlar katta bir muammoni hal qilmoqchidek, tanish bilishlariga qoʼngʼiroq qilib, soʼkingan yigitning mashinasi ortidan tushishadi. Soʼkingan yigit tomonlardan birining tanishi chiqib qolgani bois, turli vositalar bilan qurollangan sarxush shovvozlarning janjali shu joyda yakun topadi. Аmmo jamoat tartibini buzganliklari uchun sud oldida javob berishiga toʼgʼri keldi.
Yarim tunda jahl yoki qiziqqonlik tufayli oʼzgalar tinchini buzib, sherigiga pichoq bilan hamla qilgan yigit bilan olib borilgan profilaktik suhbatda aybdor “pichoq yoʼq edi” deya taʼkidladi.
Biroq jabrlanuvchi oʼsha kuni arzimagan tortishuv uchun kechasi uyidan chaqirib olingani va pichoq bilan hamla qilishganini bildirdi. Natijada qonun oldida javob berishiga toʼgʼri keldi.
Nima boʼlganda ham qonun ustuvor boʼlgan jamiyatda muammolarga oʼzbilarmonlik bilan yechim topishga urinish boshqa bir javobgarlikni keltirib chiqarishini unutmaslik kerak. Bugun jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yoʼlida olib borilayotgan barcha saʼy-harakatlar zamirida qonun ustuvorligini taʼminlashdek ezgu maqsad mujassam.
Qarshi shahrida kechgan uchrashuvlarda yuqoridagi kabi salbiy xatti-harakatlar natijasida huquqbuzarning qoʼni-qoʼshnilar orasida va mahallada ota-onasining boshi xam boʼlishi, bu holat takrorlansa, oʼzining hayoti ham izdan chiqib ketishi xususida jonli misollar asosida ishtirokchilarga tushunchalar berildi.
Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Text to speech