Qarshi shahrida huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish maqsadida profilaktik tadbiri oʼtkazilmoqda
Sogʼlom hayot, sogʼlom turmush asosi. Buning iboraning maʼnosi shuki, kim boʼlishidan qatʼiy nazar turli chirkin xatti-harakatlardan voz kechib sogʼlom turmush tarziga amal qilsa, kasallikka chalinmaydi. Dunyo xalqlarini qattiq tashvishga solgan organizmda immunitet tanqisligi sindromi kasalligi ham gigiena talablariga rioya etmaslik, pala partish jinsiy hayot kechirishning hosilasi.
Qashqadaryo viloyatida bu kasallikni oldini olish, profilaktika qilish va unga qarshi kurashish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari, viloyat Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromiga qarshi kurash markazi mutaxassis-shifokorlari oʼzaro hamkorlikda Qarshi xalqaro aeroportida profilaktik tadbir uyushtirishdi.
Unda Rossiya Federatsiyasiga uzoq muddatga ketgan mehnat migrantlari bilan profilaktik tadbir uyushtirildi. Tadbirda Oʼzbekistonga qaytgan 30 nafardan ortiq fuqarolar jalb etilib, ular bilan insonda orttirilgan imunodefitsit virusining yuqish yoʼllari va ehtimoli xususida ishtirokchilarga atroflicha tushunchalar berildi. Ulardan profilkatik tekshiruv uchun qon namunalari olindi. Barcha qatnashchilarning natijalari ijobiy chiqqach, ishtirokchilarga inson organizmida immun tanqisligini keltirib chiqaradigan bu kasallik belgilari namoyon boʼlmasligi, zararlangan shaxs virus tashuvchi hisoblanib, keyinchalik orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi yuzaga kelishi tushuntirildi.
Tadbir doirasida Qarshi shahrida huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish maqsadida “Oriyat” profilaktik tadbiri oʼtkazildi. Shu kuni Qarshi shahar IIO FMBga 53 nafar shaxslar olib kelinib, shundan 17 nafar xavfli guruhga kiruvchi ayollardan viloyat OITS markazi bilan hamkorlikda qon tahlillari olinib, OIV infektsiyasi bor yoʼqligi aniqlandi.
Kasallikni boshqalarga yuqishini oldini olish va profilaktikasi borasida Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi markazi mutaxassis shifokorlari virusni yuqtirib olgan shaxslar infektsiyaning manbai ekanligini, oʼzi bilmagan holda oilasi yoki boshqalar bilan pala partish jinsiy hayot kechirish orqali boshqalarga virusni yuqtirishi haqida ishtirokchilarning tushunchasi boyitilib, tegishli tavsiya va takliflarini berdi.