Qarshi shahar Madaniyat boʼlimida bir guruh yoshlarning pnevmatik quroldan foydalangan holda sodir etgan jinoyati yuzasidan muhokama yigʼilishi boʼlib oʼtdi
Unda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Qarshi shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, diniy idoralar vakillari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali oʼqituvchilari va talabalari, mahalla faollari va jinoyat sodir etgan yoshlarning ota-onalari, sport murabbiylari ishtirok etishdi.
Yigʼilishni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʼining 1-oʼrinbosari polkovnik Jasurbek Аtaev ochib, 2021 yil 03 sentyabrь kuni soat 21:30larda shaharning “Chulquvar” mahallasida yashovchi Shahriyor jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan Islom Karimov koʼchasida joylashgan “Bahor” savdo markazi roʼparasida, Gʼuzor tuman “Jarariq” mahallasida yashovchi Jonibek bilan oʼzaro janjallashib qolgan. Shunda Shahriyor jamoat joyida fuqarolarning koʼz oʼngida yonidagi pnevmatik pistoletdan bir necha marotaba oʼq uzib, Jonibekka tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.
Natijada, pnevmatik pistoletdan otilgan oʼqlardan ikkitasi Jonibekka tegishi oqibatida u tan jarohati olgan. Mazkur holat yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Shaxriyorga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Yigʼilishda yoshlarning ota-ona va jamoatchilik nazoratidan chetda qolishi oqibatida oʼzboshimchalik bilan pnevmatik qurol saqlashi va undan jinoyat quroli sifatida foydalanishiga nima majbur etayotgani tahlil etildi. Oshkora zoʼravonlik va boshqalarni mensimaslik oqibatida jamoat joyida yuzaga kelgan bu jinoyatda bevosita ota-onalar aybdor. Negaki, hali talab boʼlgan Shahriyor pnevmatik qurol sotib olishga mablagʼni qaerdan topgan?! Toʼqlikka shoʼxlik yoki bolasining koʼngliga qarab, uning xohish va istaklarini amalga oshirayotgan ota-onalar buning salbiy oqibatlar keltirib chiqarishini nahotki bilishmasa?!
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 26 dekabrdagi “Qurol muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qaroriga koʼra, pnevmatik qurol ichki ishlar organlariga hisobga qoʼyilishi va undan foydalanish tartiblari belgilab qoʼyilgan. Mabodo, pnevmatik yoki oʼqotar qurolga ruxsati bor fuqarolar undan shaxsga tanjarohati yetkazish bilan bogʼliq jinoyat yoki huquqbuzarliklarni sodir etsa albatta, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi toʼgʼrisida ishtirokchilarga tushunchalar berdi.
Muhokama yigʼilishida yoshlarni yurish-turishi va turmush tarzini muntazam nazorat qilish “ota-ona-oliygoh-mahalla-ichki ishlar organlari” tizimida amalga oshirish bugungi kun talabi ekanligi oʼrtaga tashlandi. Bu borada tegishli mutasaddilar masʼuliyatini oshirish borasida taklif va tavsiyalar berildi.
Bu boradagi tadbirlar joylarda davom etmoqda.