Qaror ijrosiga bagʼishlandi
Shahrisabz tumanida Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi №701-sonli “Yoʼl harakati xavfsizligi kunini oʼtkazish va yoʼl-transport hodisalari profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori ijrosiga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB YHXB, Shahrisabz shahar, Kitob, Chiroqchi, Yakkabogʼ, Qamashi va Shahrisabz tuman IIBlari, yoʼlovchi tashish faoliyati bilan shugʼullanuvchi uyushma va transport vositalarini texnik koʼrikdan oʼtkazuvchi, gaz ballonlarini sinovdan oʼtkazish va oʼrnatish bilan shugʼullanuvchi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda haftaning har juma kuni mamlakatimizda “Yoʼl harakati xavfsizligi targʼibot kuni” etib belgilangani, mahalliy hokimiyat, boshqa davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda haydovchi va piyodalar oʼrtasida yoʼl harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini shakllantirish, ularning qoidalarga amal qilishini ommalashtirishga qaratilgan samarali targʼibot ishlari muntazam amalga oshirib kelinayotgani taʼkidlandi. Shunday boʼlsa-da, yoʼl-transport hodisalari hamon eng koʼp sodir etiladigan hududlarda aholi oʼrtasida targʼibot-tashviqot ishlari tashkil etishni yanada kuchaytirish lozim.
Keng jamoatchilik ishtirokida joylarda yoʼl-transport hodisalari bilan bogʼliq huquqbuzarliklarni sodir etish sabablari va bunga imkoniyat yaratayotgan shart-sharoitlar hamda ularni bartaraf etish borasida koʼrilayotgan choralarni tanqidiy muhokama qilinayotgani qayd etildi.
Tadbirda ayni kunlarda mamlakatimizda boshlangan yillik texnik koʼrik ishlarini sifatli va samarali amalga oshirishga ham jiddiy eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi. Jumladan, siqilgan gaz oʼrnatilgan avtomashinalarning ballonlarini birma-bir sinovdan oʼtkazish, yaroqlilik muddati tugaganlarini hisobdan chiqarish boʼyicha gaz ballonlarini sinovdan oʼtkazish va oʼrnatish bilan shugʼullanuvchi tashkilotlar rahbarlariga tegishli tavsiya va yoʼriqnomalar berildi.
Bundan tashqari, har haftaning juma kuni - “Yoʼl harakati xavfsizligi targʼibot kuni”da oʼrta umumtaʼlim maktablarida “Yoʼl harakati qoidalari”ni tizimli ravishda koʼrgazmali qurollar bilan bolalarga oʼrgatish borasida ham joʼyali fikr-mulohazalar bildirildi.