“Qadriyatlari qadrlangan yurt”
Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Qadriyatlari qadrlangan yurt” mavzusida “Maʼrifat darsi” boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, sohaviy xizmatlar xodimlari, faxriylar va TАTU Qarshi oʼqituvchilari ishtirok etdi. Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʼining oʼrinbosari polkovnik Olimjon Аbdullaev ochdi.
-Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulugʼ. Shu bois oʼtganlarning xayrli ishlarini, qahramonligi va jasoratini yodga olmoq, eʼzozlamoq xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biriga aylangan. Ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirish qon-qonimizga singib ketgan, - dedi boshqarma boshligʼi oʼrinbosari oʼz maʼruzasida. - Zotan, xotira oʼtmishni anglatib turuvchi muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr insonni yuksaklikka koʼtaradi, uning orzu-intilishlariga olijanoblik bagʼishlaydi.
Tadbirda soʼzga chiqqan TАTU Qarshi filiali oʼqituvchisi falsafa fanlari doktori Аsror Tursunov haqiqatan ham, bugun Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy – umumxalq bayramiga aylanganini, shu bois Ikkinchi jahon urushida halok boʼlganlar qatori front ortida mehnat qilganlar, xizmat burchini bajarish chogʼida halok boʼlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi, deya taʼkidladi.
“Ustozlar oʼgiti” mavzusida maʼruza qilgan isteʼfodagi polkovnik Niyozmurod Roʼzimurodov yurt ozodligi va tinchligi uchun kurashgan, shu yoʼlda jon fido qilgan vatandoshlarimizning yorqin xotirasiga chuqur ehtirom koʼrsatish, keksalar holidan xabar olish, ularni eʼzozlash bugungi avlod uchun farzligini aytib oʼtdi. Respublikamizdan ham qariyb 2 millionga yaqin odam urushda qatnashib, 500 ming nafardan ziyod yurtdoshimiz halok boʼlgan.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida mushtipar onalarimiz, momolarimiz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qaygʼu va hasrat mujassam. Bu dard-u alamlarni hech qanday raqam, hech qanday soʼz bilan ifodalab boʼlmaydi”, deya bejizga taʼkidlamagandilar.
Ikkinchi jahon urushida halok boʼlgan yurtdoshlarimiz nomi Toshkentdagi va viloyatlardagi Xotira maydoniga oʼrnatilgan Xotira kitoblariga zarhal harflar bilan bitib qoʼyilgan. Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalqimizning Ikkinchi jahon urushida koʼrsatgan beqiyos jasoratini abadiylashtirish maqsadida poytaxtimizda “Gʼalaba bogʼi” yodgorlik majmuasi va “Shon-sharaf” davlat muzeyi bunyod etilgan.
Ikkinchi jahon urushida mardlik va qahramonlik namunalarini koʼrsatgan, keyinchalik xizmatni ichki ishlar organlarida davom ettirgan yurtdoshlarimiz koʼpchilikni tashkil etadi. Afsuski, ularning aksariyati hozir oramizda yoʼq. Butun umrini yurt tinchligini taʼminlashga baxshida etgan bu qahramonlarimiz yosh avlod qalbiga faxr-iftixor bagʼishlaydi, albatta.
Hozirgi paytda xizmat vazifasini bajarish chogʼida halok boʼlgan ichki ishlar organlari xodimlarining oila aʼzolari holidan xabar olinib, moddiy-maʼnaviy koʼmak koʼrsatilmoqda.
Yigʼilishda kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan viloyat IIB MMI va KBTX bosh inspektori, mayor M.Maxmatmurodov Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrь kunidagi “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-3413-son qarorining mazmun-mohiyati xususida maʼruza qiladi.
Mavzu doirasida mutaxasislar ishtirokchilarning savollariga javoblar qaytarishdi.