5 Dekabr 2022 yil 310

PROBATSIYA XIZMATI: TAHLIL VA NATIJALAR

 

Yaqinda Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida viloyat IIB JXX Probatsiya bo‘limi va uning joylardagi bo‘linmalari vakillari ishtirokida joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Oila va xotin-qizlar viloyat boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda viloyat IIB JXX Probatsiya xizmati mas’ullari ishtirok etdi. 

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Aziz Allanazarov  ishtirok etib, boshqarma JXX Probatsiya xizmati va uning joylardagi bo‘linmalari hisobida nazoratda turgan shaxslarni tarbiyalash, ish bilan ta’minlash, ular tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida amalga oshirilgan ishlarni atroflicha tahlil etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 fevraldagi “Ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 84-son qarori bilan Probatsiya nazoratidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha mutasaddi idoralarning hamkorlik mexanizmi aniq belgilab berilgan.

Bu hamkorlik doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan belgilab berilgan vazifalar, hukumat qarori talablariga viloyatlardagi aksariyat mutasaddi idoralar tomonidan probatsiya bo‘linmalari hisobida turgan shaxslarga amaliy yordam ko‘rsatish ishlari talab darajasida emasligi qayd etildi.

Nazoratda turgan shaxslar bilan muntazam profilaktik ishlar olib borilishiga qaramasdan qayta jinoyat sodir etish holatlari uchrayotgani tanqid qilindi. Natijada boshqarma Probatsiya bo‘limida nazoratda turib, amaldagi qonun talablarini buzgan nazoratdagi shaxslarning jazo turi  jinoyat ishlari bo‘yicha sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etishga almashtirildi. Shu bilan birga yilning o‘tgan davrida nazoratdagi shaxslar orasida berilgan imkoniyatdan foydalanib, tuzalish yo‘liga o‘tgan bir guruh shaxslar jazodan muddatidan oldin ozod etildi.

Ko‘lami keng yig‘ilishda faoliyatda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddi tashkilotlar mas’ullari oldiga aniq vazifalar qo‘yilib, kelgusida amalga oshirish lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Text to speech