Probatsiya: Tahlil va natijalar
Qashqadaryo viloyati IIBda boshqarma JXX Probatsiya xizmati va uning shahar-tuman bo‘linmalari xodimlarining joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirgan ishlari tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – JXX boshlig‘i polkovnik A.Allanazarov, viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i, 1-darajali yurist A.Niyozov, Probatsiya xizmati va uning shahar-tuman bo‘linmalari xodimlari ishtirok etdi.
Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida boshqarma Probatsiya xizmati va shahar-tuman IIB JXX Probatsiya (bo‘linmasi) va guruhi xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil etildi.
Barcha shahar-tuman IIB JXX Probatsiya (bo‘linmasi) va guruhi xodimlari tomonidan mahkumlarni ishga joylashtirish, ishlayotgan korxona, muassasa, tashkilot ma’muriyati, muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish uchun berilgan ruxsatnomani bekor qilishga vakolatli organlar tomonidan hukm talablari qanday bajarilayotganligini tekshirish, nazoratda turgan shaxslarning ish haqidan davlat daromadi hisobiga ushlab qolinishi lozim bo‘lgan chegirmalarni undirish, ma’muriy javobgarlikka tortilganligi yuzasidan har chorakda ma’lumotlar bazasidan tekshirish ishlari tanqidiy-tahlil etildi.
Bundan tashqari, mahkumlarning yashash joyidan chiqishi cheklangan muayyan vaqtida mazkur tartibga amal qilishi, vaqti-vaqti bilan yashash joyidagi ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tish majburiyati, majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlanganligi sababli mahalliy hokimliklardan o‘tashi mumkin bo‘lgan joylar ro‘yxatini olish hamda qonun talablariga bo‘ysunmagan shaxslarni jazoni ijro etish koloniyasiga qaytarish doirasidagi ishlar muhokama etildi.
Faoliyat davomida shaxsiy tarkibning xizmat intizomi va qonunchilikka og‘ishmay rioya etishi, faoliyat davomida korrupsiya holatlari, poraxo‘rlik, tamagirlik va boshqa noqonuniy holatlarga aralashmasligik, nazoratda turgan shaxslar bilan ishlashda xushmuomala bo‘lish, insonparvarlik dalolatnomasini qo‘llashda qonunlar doirasidan chetga chiqmaslik ishtirokchilarga uqtirildi. Xizmat davomida zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan xodimlar tanqid ostiga olinib, ularga yo‘riqnomalar berildi. Faoliyatda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlar qattiq ogohlantirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabr kunidagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi
Qarorining 57-bandiga asosan qamoqqa olingan yoki ozodlikdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari yoxud ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan va shartli hukm qo‘llanilgan shaxslardan xorijga chiqish biometrik pasporti surishtiruv, tergov organlari, ichki ishlar organlarining probatsiya bo‘linmalari yoki sud tomonidan olib qo‘yilishining huquqiy asoslari ishtirokchilarga tushuntirildi.
Ko‘lami keng yig‘ilishda kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan mas’ullar oldiga aniq vazifalar qo‘yilib, tegishli qaror qabul qilindi.