3 Mart 2021 yil 582

Pasport oʼrniga ID-kartalar joriy etilmoqda

Viloyat Jurnalistlar uyida Qashqadaryo viloyati Аxborot xizmati va АOKА viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 sentyabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan markaziy va mahalliy jurnalistlar hamda blogerlar uchun Matbuot anjumani oʼtkazildi.

Mamlakatimizda axborot tizimini jadal rivojlantirish,  aholiga davlat xizmatlarini koʼrsatishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish,  turli axborot tizimlarida va masofaviy xizmat koʼrsatishda shaxsni identifikatsiyalashning yagona mexanizmini joriy etish hisoblanadi.

Prezidenimizning yuqoridagi farmoniga muvofiq, biometrik pasport oʼrniga joriy etilayotgan identifikatsiya ID-kartalarini olish va almashtirish uchun fuqarolarga istalgan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlinmalariga, ularni almashtirish uchun esa davlat xizmatlari markazlariga ham murojaat qilish mumkin boʼladi.

Identifikatsiya ID-kartalarini olish uchun Oʼzbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar doimiy yashash joyidagi ichki ishlar organining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlinmasiga, almashtirish uchun esa istalgan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʼlinmalariga murojaat qilishi uchun imkoniyatni yaratiladi.

Identifikatsiya ID-kartasining blankasida egasining millati haqidagi maʼlumotlar koʼrsatilmasdan ID-kartaning chipiga kiritiladi.

Fuqaro oʼz ID-kartasini olish yoki almashtirish yuzasidan oʼz vaqtida murojaat qilmagan, yaroqsiz holga keltirgan va yoʼqotib qoʼygan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi.

ID-karta fuqarolarga quyidagi muddatlarga beriladi.

Yangitugʼilgan bolaga 1 yoshgacha – ikki yilga (ota-onalar, vasiylarning ixtiyoriga koʼra), 1 yoshdan 16 yoshgacha – 5 yilga (ota-onalar, vasiylarning ixtiyoriga koʼra),  16 yoshdan – 10 yil muddat beriladi.

Fuqaro ID-karta olish uchun fuqarolar ariza-anketa, ilgari berilgan pasport yoki ID-karta, tugʼilganlik haqidagi guvohnoma (ID-karta birinchi marotaba rasmiylashtirilayotganda), vakolatli organning qarori (ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qoʼyilganida), davlat bojii toʼlanganligi haqida kvitantsiya (elektron toʼlov tizimlari orqali toʼlanganda kvitantsiya majburiy emas) taqdim etadi.

Fuqarolarga identifikatsiya ID-kartalari 1 ish kunida rasmiylashtirib beriladi. Shuningdek, oʼzgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi boʼlgan shaxslarga masʼul xodim tomonidan 15 kunda ushbu shaxslarning yashash manziliga borgan holda identifikatsiya ID-kartasi rasmiylashtiriladi va koʼrsatilgan xizmat  uchun qoʼshimcha toʼlov  undirilmaydi. Fuqarolarning biometrik pasportlari hamda fuqaroligi boʼlmagan shaxs va chet davlatfuqarolarining yashash guvohnomalarini identifikatsiya ID-kartalariga almashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Fuqarolarning biometrik pasporti 2031 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosi ID-kartasi, 16 yoshga toʼlmagan shasxlar uchun ID-karta, fuqaroligi boʼlmagan shaxs hamda xorijiy fuqarolar uchun ID-kartalar uchun davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizi (218050 soʼm) toʼlov undiriladi.

2021 yilni 4 yanvarь kunidan Qashqadaryo viloyatining 22 ta maʼlumotlarni yigʼish punktlarida ID-karta rasmiylashtirish qurilmalari ishga tushirildi. Oʼtgan ikki oyda viloyatimiz hududida istiqomat qiluvchi  Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari, 16 yoshga toʼlmagan shasxlar, xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi boʼlmagan shasxlardan 14047 nafariga ID-kartalar rasmiylashtirib berildi.

Text to speech