Ota ayblanuvchi, xotin jabrlanuvchi, farzandlar aro yoʼlda
Nishon tumani “Orzu boʼstoni” MFYda sodir etilgan qotillik jinoyati yuzasidan muhokama yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB boshligʼi polkovnik Shuxratjon Satvoldiev, tumandagi 4 ta sektor rahbarlari, “Oq-oltin” MFY faollari va jinoyat sodir etgan shaxsning oila aʼzolari ishtirok etishdi.
Muhokama yigʼilishida viloyat IIB boshligʼi polkovnik Shuxratjon Satvoldiev qotillik tafsilotlariga toʼxtalarkan, shu yil 18 sentyabr kuni Nishon tumani “Oq-oltin” MFYda yashovchi, 4 nafar farzandning otasi, 2020 yildan viloyat Аsab-ruhiy kasalliklar dispansirida hisobda turuvchi U.X. turmush oʼrtogʼi X.D. hamda voyaga yetmagan qizi R.M.ni qishloq hududida joylashgan qabristonga “Damas” rusumli avtomashinada olib borganini taʼkidladi. Turmush oʼrtogʼiga “sen begona erkaklar bilan birga yurasan, agar begona erkaklar bilan birga yurmasang, qasam ich” deb oshxona pichogʼi bilan voyaga yetmagan qizi va turmush oʼrtogʼiga sanchib tan jarohati yetkazgan. Natijada xotini X.D. va voyaga yetmagan qizi R. M. voqea joyida vafot etgan.
Holat atroflicha oʼrganilganda 2020 yil 23 oktyabr kuni marhum uy bekasi X.D. turmush oʼrtogʼi U.X.ning xatti-harakatlaridan norozi boʼlib, Nishon tumani IIBga ariza bergan. Аriza yuzasidan tuman IIB HPB TP profilaktika inspektori tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Holat yuzasidan er U.X.ning xatti-harakatlari yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi MJtKning 41-moddasiga asosan toʼplangan xujjatlar Maʼmuriy sudga yuborilib, tomonlarning oʼzaro yarashganligi munosabati bilan ogohlantirish bilan tugatilgan. Oradan ikki oyga yaqin vaqt oʼtib, yaʼni, 2021 yil 15 yanvar kuni MFY raisining bildirish xatiga asosan X.D. turmush oʼrtogʼi U.X. bilan oʼzaro oilaviy kelisholmay kelayotgani bois, profilaktika inspektori tomonidan 2021 yil 16 yanvar kuni ayolga himoya orderi berilgan. Oilaviy nizo barham topavermagach, er boʼlmish U.X. 2020 yil noyabr oyida va 2021 yilning yanvar, fevral va may oylarida viloyat Аsab-ruhiy kasalliklari dispanseriga davolanish uchun yotqizilgan. Fuqaro U.X.ga viloyat TMEK tomonidan nogironlik berilgan.
Shuningdek, Nishon tumani hududida oʼtkazilib kelinayotgan “Xavfsiz xudud” maxsus profilaktik tadbiri davomi fuqaro U.X.ning yashash xonadoniga 2021 yil 16 sentyabr kuni profilaktika inspektori va MFY raisning oʼrinbosari birga borib, fuqaro U.X. bilan profilaktik suhbat oʼtkazilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Muhokamada ishtirokchilarga jinoyatning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularning barvaqt oldini olish masalasi ustuvor vazifa ekanligi uqtirildi. Bunda mahalla faollari, qarindoshlar, qoʼni-qoʼshnining befarqligi jinoyatni kelib chiqishiga sabab boʼlgan asosiy omil sifatida taʼkidlandi. Jinoyatni yuzaga kelishiga shart-sharoit yaratgan omillar yuzasidan tegishli mutasaddi idoralar va mahalla faollari ogohlantirilib, kelgusida bu kabi holatlarni oldini olish boʼyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.