28 Oktyabr 2023 yil 2931

Osoyishtalik posbonlari – zamonamiz qahramonlari

Qashqadaryo viloyati IIBda  “Osoyishtalik posbonlari – zamonamiz qahramonlari”  mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari ishtirok etdi. Uni viloyat IIB MMI va KBTX boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Ixtiyor Xudoyqulov ochdi. 

Mavzu yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB JXX JTSB REM boshlig‘i, podpolkovnik Maqsud Samadov so‘zga chiqib, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev  “Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun bo‘lsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar sohasi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi” deya bejizga ta’kidlamaganini bildirdi.

Bugun dunyoda hukm surayotgan murakkab va tahlikali sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni ta’minlash qanchalik muhim vazifa ekanligini barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz. Bunda ichki ishlar organlari xodimlari har doim davlatimiz va jamiyatimizning mustahkam tayanchi bo‘lib xizmat olib borishmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining jamoat xavfsizligi konsepsiyasi hamda 2022–2025-yillarda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi asosida fuqarolar huquqlarini himoya qilish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan zamonaviy ish uslublari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Hududlarda profilaktika inspektorlari jinoyatchilikning oldini olish, uning sabablarini bartaraf etish maqsadida huquqbuzarliklarning “mahallabay” va “xonadonbay” muhokamalarini keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi har bir mahallada xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari hudud fuqarolarining tekshiruvchi yoki nazoratchisi emas, balki barcha hayotiy masalalarda aholiga ko‘makchi, chinakam yelkadosh, yonma-yon turadigan yaqin insonga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, hududlarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar ko‘p sonli opa-singillarimizning maslahatchisi, himoyachisi va ko‘makdoshi sifatida qator amaliy ishlarni olib borishmoqda.

Bugungi kunda ichki ishlar organlarining tergov, jinoyat qidiruv, jamoat tartibini saqlash, patrul-post, kinologiya, yo‘l harakati xavfsizligi, probatsiya, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, transportda xavfsizlikni ta’minlash, ekspert-kriminalistika, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash, moliya, tibbiyot singari qator sohaviy xizmatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar, vazirlik tizimidagi harbiy xizmatchilar hamisha o‘z oromi, tinchi, huzur-halovati, kerak bo‘lsa jonidan kechib, Vatanimiz, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash va himoya qilishdek ulug‘ vazifalariga hamisha sobit.

Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida olib borayotgan islohotlar rivojiga munosib hissa qo‘shayotirlar. Zotan, yuragi shu yurt taqdiri, uning buguni, ertasi, tashvishi bilan urib turgan har bir inson uchun Vatan tinchligi, osoyishtaligi hamma narsadan ustundir. Uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, qadrlash esa muqaddas burch, sharafdir. Ichki ishlar organlari xodimlari ana shu ulug‘ maqsad yo‘lida bel bog‘lab xizmat qilayotgan, hamisha xalq bilan hamnafas yashayotgan oramizdagi qahramonlardir.

Tadbirda boshqarma TQX Kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i, mayor Akrom Ubaydullayev “Kiberjinoyatchilikka qarshi kiberxavfsizlik”, MMI va KBTX bosh inspektori kapitan Xamza Niyozov ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olishga doir qonunlar, qarorlar to‘g‘risida yig‘ilish ishtirokchilariga ma’lumot berishdi.

Yakunda “YE-ijtimoiy himoya.iiv.uz” elektron platformasiga oid videofilm ishtirokchilarga namoyish etildi.

Text to speech