25 Mart 2021 yil 560

Oshkora bezorilik: sabab va mohiyat

IIV Qashqadaryo akademik litseyida Qarshi shahar “Shodlik” MFYdagi kafeda sodir etilgan tan jarohati jinoyati yuzasidan muhokama yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB boshligʼining oʼrinbosarlari, Qarshi shahar IIOFMB rahbariyati hamda mahalla faollari va keng jamoatchilik vakillari, jinoyatga qoʼl urgan yoshlarning ota-onalari ishtirok etdi.

         Taʼkidlandiki, keyingi paytlarda tungi klublar, koʼngilochar maskanlar va kafe-barlarning belgilangan vaqtdan tashqari bemahalgacha ishlashi ovqatlanish yoki boshqa maqsadlarda kelgan yoshlarni oʼziga jalb etmoqda. Spirtli yoki boshqa odamni sarxush qiluvchi ichimliklar taʼsirida boʼlgan yoshlar  arzimagan bahonalar bilan oʼzaro janjallashib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzmoqda.

         Sodir etilayotgan aksariyat bezorilik jinoyatlarining tahlili shuni koʼrsatmoqdaki, yoshlar koʼpincha ota-ona nazoratidan chetda qolmoqda. Shu oʼrinda taʼkidlash oʼrinliki, bola necha yoshga toʼlishidan qatʼiy nazar ota-ona uchun bola boʼlib qoladi. Qolaversa, bir bolaga yetti mahalla ota-ona degan xalqimizning dono naqlidan kelib chiqadigan boʼlsak, yoshlar nazoratida barcha sobitqadam boʼlishi koʼplab jinoyatlarning oldini olishda qoʼl kelishi tayin.

Muhokamada jamoat joyida, koʼpchilikning koʼz oʼngida sodir etilayotgan jinoyatlarni asosan biror joyda ishlamaydigan, ota-ona va mahalla-kuy nazoratidan chetda qolgan yoshlar sodir etayotgani aytib oʼtildi. Qolaversa, mahalla faollari, yoshlar ittifoqi boshlangʼich tashkiloti vakillari ishsiz yoshlarni roʼyxatga olib, bandligini taʼminlashda sustkashlikka yoʼl qoʼyayotgani tanqid ostiga olindi. Kelgusida bu kabi jinoyatlarning oldini olish maqsadida barcha bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi borasida tegishli mutasaddi idoralar vakillariga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.

 Qashqadaryo viloyati IIB Аxborot xizmati

Text to speech