1 Fevral 2025 yil 766

“Qonuniylik – davr talabi”

Qashqadaryo viloyati IIBda  “Qonuniylik – davr talabi” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari ishtirok etdi. Uni viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Talat Mamatkulov ochdi. Tadbirda boshqarma TB yuridik ta’minlash guruhi yetakchi yuriskonsulti, mayor Elyor Normanov mavzu doirasida ma’ruza qildi. Viloyat IIB MMI va KBTX bosh inspektori, kapitan Xamza Niyozov ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish, shaxsiy tarkib bilan bog‘liq sodir bo‘lgan salbiy va favqulodda holatlar va ularni oldini olish borasidagi ishtirokchilarga tegishli tushuncha va tavsiyalar berdi. So‘ngra, ishtirokchilarga ma’rifat soati ruknida videorolik namoyish etildi. Yakunda ichki ishlar organlari xodimlariga navbatdagi harbiy unvonlar tantanali ravishda topshirildi. AQShning Vashington shahrida hech bir bino Kapitoliy tepaligida joylashgan mamlakat Kongressi, ya’ni qonun chiqaruvchi organ – parlamenti binosidan baland bo‘lmasligi kerak degan naql yuradi. Buning boisi mamlakatda qonun barcha narsadan ustun bo‘lishi kerakligi bilan izohlashadi. Qadimgi yunon faylasufi Arastu davlat boshqaruvi asosida qonunlar yotishi kerak deya ta’kidlagan. Chunki hatto eng yaxshi hukmdor ham hissiyotga, ruhiy hayajonga berilishi mumkin, qonun esa «muvozanatlangan aql»dir deb hisoblagan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 1-moddasiga muvofiq O‘zbekiston boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatdir. Huquqiy davlatning eng muhim belgisi, prinsipi esa – bu qonun ustuvorligi. Ushbu prinsip inson huquqlari bilan bevosita bog‘liq. Zero, qonunlardan ko‘zlangan asosiy maqsad inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdan iborat.

Yana Bosh qomusimizga murojaat etadigan bo‘lsak, uning 15- moddasiga ko‘ra, yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. Davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritishlari lozim. Demak, respublikamizda qonun ustuvorligini belgilovchi huquqiy baza mavjud ekan. Xo‘sh, bu qoidalar qog‘ozda qolib ketmasligi uchun mamlakatimizda qonuniylik va qonun ustuvorligi qay yo‘sinda ta’minlanadi?

Huquqiy davlatda har bir shaxs o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishi mumkin. U davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega. Jamiyat hayotida qonuniylikni ta’minlashda prokuratura organlari zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklangan. Chunki Bosh qomusimizning 143-moddasiga asosan, mamlakatimiz hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi. Yurtimizda qonuniylikni ta’minlashda ichki ishlar organlarining alohida o‘rni bor. O‘zbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunida ushbu soha xodimlarining asosiy vazifalaridan biri sifatida aynan qonun ustuvorligini ta’minlash ham ko‘rsatib o‘tilgan. Qolaversa, ular fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini amalga oshirish orqali ham jamiyatda qonuniylik hukm surishiga hissa qo‘shishadi.

Yuqorida qayd etilganlardan ko‘rinib turibdiki, jamiyatda qonuniylikni ta’minlash davlat idoralari xodimlarining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Yana shuni alohida ta’kidlashni istardikki, qonunlarga amal qilish borasida birinchi galda mansabdorlarning o‘zlari namuna bo‘lishlari lozim. Amaldorlar qonunbuzarlik sodir etsalar, davlatning obro‘yiga putur yetkazadilar.

Text to speech