Qonun ustuvorligi – xalqparvar davlat tayanchi
Qashqadaryo viloyati IIBda “Qonun ustuvorligi –
xalqparvar davlat tayanchi” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib
o‘tdi. Unda viloyat IIB tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari
hamda Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi ishtirok etdi. Uni viloyat IIB
boshlig‘ining o‘rinbbosari - ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan
ta’minlash xizmati boshlig‘i, podpolkovnik Talat Mamatqulov ochdi.
Tadbirda so‘z olgan tashkiliy boshqarma yuridik
ta’minlash bo‘limi yetakchi yuriskonsulti mayor Elyor Normanov bugungi shiddat
bilan rivojlanayotgan globallashuv jarayonida jamiyatning siyosiy, ijtimoiy va
iqtisodiy masalalari hamda muammolarini qonun ustuvorligini ta’minlagan holda
hal etish zamon talabidir, dedi.
Sohibqiron Amir Temur «Davlat qonunlar asosida
qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo‘qoladi», deb
bejiz ta’kidlamagan.
Qonun ustuvorligi, o‘z navbatida, qonun oldida
tenglikni, uni qo‘llashda adolatlilikni, hokimiyatning bo‘linishini, jamiyat
hayotiga aloqador qarorlar qabul qilinishida ularning ishtirok etishini,
qonunlar qabul qilinishida o‘zboshimchaliklarga yo‘l qo‘yilmasligini, ularning
shaffofligini taqozo etadi.
Bunga aholining davlat xizmatlaridan foydalanish
sifatini oshirish, korrupsiyaga sabab bo‘luvchi omillarga chek qo‘yish,
hokimiyat vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlariga barham berish natijasida
jamiyat a’zolari va davlat o‘rtasidagi ishonch ko‘priklarini mustahkamlash
orqali erishish mumkin.
Davlat rahbarining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ham aynan yuqoridagi maqsadlarga erishish
borasida bir qator dolzarb vazifalar, aniq yo‘nalishlar belgilab berilgan.
Xususan, islohotlar samaradorligini oshirish, davlat va jamiyatning har
tomonlama jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish hamda xalq
farovonligiga erishish shular jumlasidandir.
«Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson
qadrini ulug‘lashni eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etdik. Yangilangan
Konstitutsiyamizda ham O‘zbekiston huquqiy davlat ekanligini muhrlab qo‘ydik.
Yagona maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali xalqimizni
rozi qilish», – deya ta’kidlagan edi Prezidentimiz. Bugungi kundagi asosiy
maqsad ham qonun ijodkorligi faoliyatida barcha g‘oyalarning markaziga inson
huquqlarini qo‘yish orqali yangicha yondashuvlar bilan qonun ustuvorligini
ta’minlashdir.
Mustaqilligimizni
asrash, erkin va farovon hayotga erishish, xalqparvar davlat barpo etish uchun,
hech shubhasiz, qonun ustuvorligi ta’minlanishi kerak. Zero, qonun ustuvor
bo‘lgan jamiyatda inson huquq va erkinliklari ta’minlanadi. Bunday jamiyat esa
xalqparvar davlatning tayanchi va suyanchiga aylanadi.