12 Mart 2022 yil 559

Qonun oldida hamma tengdir, shuningdek chet el fuqarolari ham!

    

Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda tegishli vakolatli organlar rahbarlari tomonidan tasdiqlangan tezkor-profilaktik tadbirlar rejasi ijrosini, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning O’zbekiston Respublikasida yashash va bo’lish qoidaliriga rioya etishlari bo’yicha viloyat hududida nazorat tekshiruv tadbirlari o’tkazilmoqda. Tadbirda asosiy e’tibor viloyat hududida joylashgan  joylashtirish vositalari va davolash muassasalariga, bundan tashqari xususiy sektorlarda yashovchi xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning “Pasport-viza” tizimi qoidalariga rioya etishlariga qaratildi.

Hozirgi kunda viloyat hududida 67 tadan ortiq joylashtirish vositalari va davolash muassasalari faoliyat yuritib kelmoqda. Ular faoliyati davomida, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarini belgilangan tartibda “E-mehmon” dasturi orqali qabul qilishlari bilan bir qatorda, ba’zi kamchiliklarga ham yo’l qo’yishmoqda.

Jumladan, joriy yilning 11 mart kuni viloyat miqyosida o’tkazilgan tezkor-profilaktik tadbir davomida, Qarshi shahrida joylashgan “Almaz” xostelida 2 nafar Moldova Respublikasi fuqarolari O’zbekiston Respublikasida yashash va bo’lish qoidalariga rioya qilmasdan yashaganligi va mas’ul xodim tomonidan ularni               “E-mehmon” dasturiga belgilangan tartibga zid ravishda vaqtincha ro’yxatdan o’tkazilganligi aniqlandi. Ular;

03.08.1994 yilda Ukraina Respublikasida tug‘ilgan Moldova Respublikasi fuqarosi Sharban Gavril 05.01.2020 yilda O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelib, 26.11.2021 yilga qadar Surxondaryo viloyatidagi “Abu-bakr” xostelida vaqtinchalik qayddan o‘tib yashagan. 2021 yil 26 noyabr kunidan 2022 yil 11 mart  kuniga qadar vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan Qarshi shahar Xontepa MFYdagi “Almaz” xostelida yashab kelayotganligi aniqlandi. Ushbu xatti-xarakati bilan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 225-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 20 (yigirma) 5 mln 400 ming so‘m miqdorda jarima qo’llanildi.    

        05.06.1999 yilda Moldova Respublikasida tug‘ilgan Moldova Respublikasi fuqarosi Stoian David 26.02.2020 yilda O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelib, 27.01.2022 yilga qadar Qarshi shahridagi “Almaz” xostelida vaqtinchalik qayddan o‘tib yashagan va 27.01.2022 yilda ushbu xosteldan vaqtinchalik ro’yxatdan chiqib, 2022 yil 2 fevral kuniga qadar biron bir manzilga vaqtinchalik qayddan o‘tmasdan yashab kelgan. Shundan so’ng, 2022 yil 2 fevral kuni Qarshi shahar Xontepa MFYdagi “Almaz” xosteliga vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan. Moldova Respublikasi fuqarosi Stoian David 2022 yil 27 yanvar kunidan 2 fevral kuniga qadar 6 kun muddat mobaynida biron bir manzilga vaqtinchalik ro’yxatdan o‘tmasdan yashab, ushbu xatti-xarakati bilan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 225-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) 1 mln 350 ming so‘m miqdorda jarima qo’llanildi. 

Bundan tashqari, Moldova Respublikasi fuqarolari Sharban Gavril va Stoian Davidlarni “Almaz” xostelida mavjud “E-mehmon” dasturiga belgilangan tartibga zid ravishda vaqtincha ro’yxatdan o’tkazganligi uchun “Almaz” xosteli mas’ul xodimiga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 225-moddasi 4-qismi bo’yicha javobgarlik masalalari ko’rilmoqda.

Text to speech