Ona tilim – jonu dilim
Qashqadaryo viloyati IIBda Ona tilim – jonu dilim” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi”
bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy
xizmatlar xodimlari ishtirok etdi. Uni viloyat IIB MMI va KBTX boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik
Shermuxammad Muslimov ochdi.
Mavzu yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati rahbari podpolkovnik Iroda Rasulova so‘zga chiqib, bugun millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona
tilimiz bizni yuksak ma’naviyatga, ma’rifatga, istiqlolu istiqbolga yetaklovchi
bebaho ne’mat O‘zbek tiliga davlat maqomi berilganiga 34 yil to‘lganligini
bildirdi.
So‘nggi yillarda davlat tilining
obro‘sini ko‘tarish yuzasidan davlat ahamiyatiga molik sa’y-harakatlar amalga
oshirilmoqda. Xususan, “Davlat tili haqida”gi qonunning tarixiy o‘rni va
ahamiyatini inobatga olgan holda davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan
ishlarning uzviy davomi sifatida 2020 yil 10-aprelda O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash
to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Unga muvofiq 21-oktabr sanasi yurtimizda
“O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. 2020-yil 20-oktabrda esa O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish
va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni
qabul qilindi.
Mazkur farmon asosida qabul
qilingan “2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini
takomillashtirish konsepsiyasi”da o‘zbek tilini uzoq muddatli
rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilangan.
Shuningdek, unda o‘zbek tilini
barcha sohalarda qo‘llash doirasini kengaytirish, undan davlat tili sifatida
to‘liq va to‘g‘ri foydalanishni ta’minlash maqsadida rahbar kadrlarning davlat
tilida rasmiy ish yurita olish darajasini aniqlash mexanizmini ishlab chiqish,
mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha
daraja sertifikatlarini joriy etish, barcha vazirlik va idoralarda idoralararo
hujjatlar aylanishi davlat tilida bo‘lishini to‘liq ta’minlash nazarda
tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, ona
tilimiz bo‘lgan o‘zbek tilining nufuzini oshirish, jamiyatda davlat tiliga
hurmat-e’tibor va mehr-muhabbat muhitini shakllantirish uchun barcha
imkoniyatlar mavjud, meyoriy hujjatlar ham yetarli. Endigi vazifa Prezidentimiz
ta’biri bilan aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni
mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona
Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga
aylantirishimiz lozim. Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz
va jamoamizdan boshlashimiz, ona tili-mizga, urf-odat va qadriyatlarimizga
hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak.
Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz
Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini
ko‘rsatadigan oyinai hayoti – bu uning milliy tili va adabiyotidir. Shu bois
ham har birimiz ona tilimizni asrab-avaylashimiz, e’zozlashimiz lozim.
Yakunda boshqarma TQKB bo‘lim boshlig‘i, mayor Firdavs
Muxammadiyev hafta mobaynida dunyodagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat to‘g‘risida
yig‘ilish ishtirokchilariga ma’lumot berdi. So‘ngra, “Gripp kasalligi va uning
asoratlaridan ogoh bo‘ling!” mavzusida
viloyat IIB DPM TB SENM boshlig‘i mayor R.Daminovning tavsiyaviy
ma’ruzasi tinglandi.