Ona tili – millat qiyofasining bir boʼlagidir
Qashqadaryo viloyati IIBda boʼlib oʼtgan navbatdagi Maʼrifat darsi ona tilimizning mavqeini koʼtarish, ilmiy asosda rivojlantirish, uning qoʼllanilish doirasini kengaytirishga bagʼishlandi. “Postda- Na postu” gazetalarida Ichki ishlar vazirining maslahatchisi podpolkovnik Xurshidbek Roʼziev muallifligida chop etilgan “Ona tili – millat qiyofasining bir boʼlagidir” mavzusidagi maqolada keltirilgan fikr-mulohazalar ishtirokchilarga yetkazildi.
Jamiki jonzotlar uchun toza havo, quyosh nuri va suv hayotiy zarurat boʼlganidek, millatning bardavomligini ona tilisiz tasavvur etib boʼlmaydi. Insonga inʼom etilgan jamiki ezgu fazilatlar uning qalbiga, avvalo, volida allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi.
Dunyoda tillar koʼp. Har bir millatning tili uning bebaho qadriyati – madaniy merosi hisoblanadi. Bu jihatdan qaraganda, muayyan tilda soʼzlashadigan millat vakillarining soni u qadar muhim ahamiyat kasb etmaydi. Аsosiy mezon tilning asrlar davomida sayqallanib, shakllangani, muayyan hududda yashaydigan aholiga muomala vositasi sifatida xizmat qilgani bilan belgilanadi.
Soʼz mulkining sultoni hazrat Mir Аlisher Navoiy ona tilimizning mavqeini koʼtarmoq, millatning shaʼnini yuksaltirmoq uchun “Muhokamat ul-lugʼatayn” asarida oʼzbek tilining keng imkoniyatlari, jozibasi, boyligi, qudrati, oʼsha zamonning adabiy tillari qatoridan oʼrin olishga qodir va haqli ekanligini ilmiy tomondan isbotladi.Bu borada “Davlat tili haqida”gi qonun oʼzbek tilining ilmiy asosda rivojlantirish borasida keng imkoniyatlar yaratdi, uning qoʼllanilish doirasini kengaytirdi. Ona tilimizning mavqei oshishi va ravnaq topishi, yanada takomillashuvi uchun huquqiy asos boʼldi.
Ichki ishlar organlarida keng koʼlamli islohotlar amalga oshirilyapti. Ushbu jarayonda mazkur tizimda ham davlat tilida ish yuritishga doir bir qator chora-tadbirlar koʼrilmoqda. Jumladan, har bir ichki ishlar organida davlat tilida ish yuritish masalalari ham doimiy eʼtiborda.
Bugungi kunda jamiyatda yoshlarni maʼnaviy barkamol va aqlan yetuk qilib tarbiyalashda ona tilimizning hissasi beqiyos. Katta-yu kichik tilimizni oʼqib-oʼrganishi, yoshlarda bu borada zaruriy koʼnikmalarni shakllantirish barchamizning burchimiz.