19 Iyun 2023 yil 449

“Ommaviy axborot vositalari – jamiyat taraqqiyotining ko‘zgusi”

Qashqadaryo viloyati IIBda 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan “Ommaviy axborot vositalari – jamiyat taraqqiyotining ko‘zgusi” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, ishtirok etdi. Uni viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Zavqiddin Xo‘janov ochdi. 

Mavzu doirasida so‘zga chiqqanlar axborot mamlakat taraqqiyotining ko‘zgusi, kishilarning ongi, dunyoqarashi, siyosiy saviyasi shakllanishining asosiy vositalaridan biri ekanligi, shuning uchun ham axborotga bo‘lgan hayotiy ehtiyoj, uni qondirishga xizmat qiluvchi omillarni shakllantirish kishilik taraqqiyotining har bir bosqichida yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelganini ta’kidlashdi.

Jumladan, Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi hamda hududlardagi IIB axborot xizmatlari xodimlari internet tarmog‘idagi veb-sayt hamda telegram kanallari orqali aholini ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyati haqida o‘z vaqtida va ishonchli xabar¬dor qilib kelmoqda.

Axborot xizmatlari xodimlari mazkur yo‘nalishdagi dolzarb masalalarni aholiga doimiy ravishda yetkazib turish, ichki ishlar organlari faoliyati to‘g‘risida noto‘g‘ri va noxolis axborotlar tarqalishining oldini olish, huquqbuzarliklar bilan bog‘liq vaziyatlarning tezkor va haqqoniy yoriti¬lishini ta’minlashda fidoyilik ko‘rsatishmoqda.

Shu bilan birga, milliy qonunchiligimizda yoshlarni nosog‘lom axborotlardan himoyalash mexanizmlari ham shakllangan. Misol uchun, «Omma¬viy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Yoshlarga oid davlat siyosati¬ning asos¬lari to‘g‘risida»gi, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlarda yoshlar orasida odob-axloqni buzishga, shu jumladan, pornografiya, shafqatsiz¬lik va zo‘ravonlikni namoyish etuvchi, huquqbuzarliklar sodir etilishiga tashviqot qilishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlar man etilishi belgilab qo‘yilgan.

Shu asosda, yoshlarimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini yanada kengroq ro‘yobga chiqarish, ularni axborot xurujlaridan himoyalashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish borasida zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xullas, yuqorida zikr etilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ommaviy axborot vositalarining fuqarolik jamiyati institutlari tizimidagi o‘rni va rolini yanada mustahkamlashga, fuqarolarning so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan konstitutsiyaviy huquqlarini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarishga yordam beradi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizda OAVni barpo etilayotgan fuqarolik jamiyati tamoyillarini qaror toptirishning muhim omillaridan biriga aylantiradi.

Tadbirda IIV ShXBB Qashqadaryo viloyati bo‘yicha hamda boshqarma MMI va KBTX mas’ul xodimlari ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan favqulodda va salbiy holatlar, xizmat intizomi hamda qonunchilikka rioya etish borasida ishtirokchilarga tegishli ma’lumotlar, tavsiyaviy takliflarini berib o‘tdi.

Yakunda joriy yilning 18-24 iyun kunlari Chirchiq shahrida “Ichki ishlar organlari yosh xodimlari va harbiy xizmatchilarining  III Respublika yoshlar forumi” da o‘tkazilgan musobaqalarda faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan bir guruh yoshlar tantanali taqdirlandi.

Text to speech