Qoidabuzarlarga tegishli choralar koʻrildi
Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamda vakolatli organ rahbarlari tomonidan tasdiqlangan tezkor-profilaktik tadbirlar rejasiga koʻra, vohada jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi va Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi, Shahrisabz tumani IIB M va FRB hamda vakolatli organ masʼul xodimlari bilan hamkorlikda joriy yil Shahrisabz tuman hududida joylashgan joylashtirish vositalari va davolash muassasalari faoliyati oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida Shahrisabz tumani hududida joylashgan “Lochin” sogʻlomlashtirish markazi masʼul xodimlari tomonidan mazkur sogʻlomlashtirish markaziga kelgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini “YE-mehmon” dasturi orqali vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazmaganlik holati aniqlandi. Natijada “Lochin” sogʻlomlashtirish markazi masʼul xodimi M.F.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 223-moddasi 3-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi va bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima jazosi qoʻllandi.
Bundan tashqari, Shahrisabz tumani hududida joylashgan “Oqsuv shamoli” sanatoriyasi masʼul xodimlari tomonidan mazkur sanatoriyaga kelgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini “YE-mehmon” dasturi orqali vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazmaganlik holati aniqlandi. Natijada “Oqsuv shamoli” sanatoriyasi rahbari X.N.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 223-moddasi 3-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima undirildi.
Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.