Odamiylikdan saboq beruvchi buyuk murabbiy
Qashqadaryo viloyati IIBda boʼlib oʼtgan Maʼrifat darsi oldingilaridan oʼzgacha ruhda kechdi. Unda IIV nashri “Postda-Na postu” gazetalarida filologiya fanlari doktori professor Qozoqboy Yoʼldoshev muallifligida chop etilgan “Odamiylikdan saboq beruvchi buyuk murabbiy” mavzu doirasida IIV Qashqadaryo akademik litseyi oʼqituvchisi M.Ravshanova maʼruza qildi.
Maʼruzachi Hazrat Аlisher Navoiy ijodini boshdano-oyoq insonga oʼzligini tanitish uchun kurashish mahsuli, deyish mumkinligini olim juda toʼgʼri va aniq tahlil qilganini aytib oʼtdi. Jumladan, “Maʼnaviyat oʼzini tanish, oʼzini oʼzgalar nazari bilan, oʼzgalarni esa oʼz nazari bilan taftish qila bilish demakdir. Har bir alohida shaxs va butun jamiyatning kuchi fuqarolar maʼnaviyatini sogʼlom asoslarda shakllantirishga yoʼnaltirilishi kerak. Shaxsning maʼnaviy komilligi jamiyatning odilligiga, jamiyatning odilligi maʼnaviyatning yuksakligiga, maʼnaviyatning yuksakligi esa shaxs kamolotiga taʼsir oʼtkazaveradi. Shaxs, jamiyat va maʼnaviyatning oʼzaro uygʼunligi shu tariqa, insoniyat taraqqiyotining asosiy omili boʼlib qolaveradi”.
Bugungi kunda jamiyatda yoshlarni maʼnaviy barkamol va aqlan yetuk qilib tarbiyalashda Аlisher Navoiy ijodi nihoyatda boy va betakror manba. Katta-yu kichik daho ijodini oʼqib oʼrganishi, yoshlarda bu borada zaruriy koʼnikmalarni shakllantirish barchamizning burchimiz.