“Nurli maskan orzulari”
Qarshi shahridagi 18-sonli “Nurli maskan”da “Nurli maskan orzulari”
mavzusida IX - respublika forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zaro tajriba almashish,
yoshlarni bilim va malakasini oshirish, kasb-hunar o‘rgatish ishlarini
takomillashtirishga bag‘ishlangan tadbirda respublika IIV va viloyat IIB
rahbariyati yurtimizdagi barcha viloyatlardagi “Nurli maskan”
maktab-internatining iqtidorli o‘quvchilari, o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Abduvoxid Ismoilov ochib, forum
ishtirokchilarini qutladi.
Forumda IIV JXX HPB boshlig‘i polkovnik Baxtiyor Berdialiyev so‘zga
chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 apreldagi “Ko‘zi
ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda
ta’lim berish sifatini oshirish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirish
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-209sonli Qaroriga asosan, mamlakatimizda
«Inson qadri uchun» tamoyili asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarni
qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, xususan ko‘zi ojiz va
ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash
yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning
izchilligi va tizimliligini ta’minlash, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi
bolalarning ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yanada
yaxshilash, ularning jamiyatga moslashuviga ko‘maklashishni yangi bosqichga
olib chiqish maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan «Nurli maskan»
maktablarida bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
«Nurli maskan» maktabi o‘quvchilariga
sifatli ta’lim va tarbiya berish, ularning maishiy sharoitlarini yaxshilash,
shuningdek, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda
intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga e’tibor
qaratish, o‘quvchilarning jismoniy imkoniyatidan kelib chiqqan holda, ularni
sog‘lom, ma’nan yetuk inson qilib tarbiyalashga hamda dunyoqarashini
shakllantirish, sport turlariga qiziqtirish va jalb etish, o‘quvchilarning
vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantiruvchi madaniy-ma’rifiy tadbirlarni
tashkil etilayotganini qayd etdi.
Shundan so‘ng, IIV ishchi guruhi va
viloyat IIB rahbariyati hamda mehmonlar respublikaning turli viloyatlaridan
kelgan «Nurli maskan» maktabi o‘quvchilari tomonidan qo‘lda to‘qilgan
kiyim-kechaklar va tegishli ustaxonalarda yasalgan qo‘l mehnati mahsulotlari
ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirishdi.
Qarshi shahridagi 18-sonli “Nurli maskan”ga qarashli poyabzal
mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan o‘quv ustaxonasini ochilish
tadbirida ishtirok etishdi.