29 Iyul 2023 yil 679

Noverbal harakatlar va shaxs psixologiyasi

Qashqadaryo viloyati IIBda  “Noverbal harakatlar va shaxs psixologiyasi” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, ishtirok etdi. Uni viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Shermuxammad Muslimov ochdi. 

Tadbirda so‘zga chiqqan  Qarshi davlat universiteti Psixologiya kafedrasi dotsenti  Zoxid Raxmatov psixologiya insonlar orasida hayot kechirishimiz irodamizga qarshi turli sharoit, holatlarni o‘rganish uchun odamlarning ruhiyatini tushunishni, o‘zimizning ruhiy va shaxsimizga xos alohida xususiyatlarimizni o‘rganishimizni talab qilishini ta’kidladi.

Boshqalar bilan ko‘p muloqot qilgan insonlarni biz “eng zo‘r psixolog” deb e’tirof etamiz. Har bir inson o‘zicha psixolog hisoblanadi, chunki hayot uni shunga majbur qiladi. Muhimi, atrofimizdagi insonlar nimaga moyilligi, bizdan nimani xohlashayotgani yoki qanday harakatni kutishayotganini aniqlash.

Buning uchun shaxsning xulqi, motivlari, xarakteri, mijozi, qobiliyatlari, xotirasi, irodasi, tafakkur jarayonlarini inobatga olish talab etiladi. Psixologiya ichki ishlar organlari xodimlarining bevosita faoliyati bilan bog‘liq xizmat vazifalarini bajarish vaqtida shaxslar bilan bo‘ladigan murakkab munosabatlarda, muloqot jarayonida xizmat vakolatini suiiste’mol qilishning, fuqarolarning haq-huquqlarini poymol etishning, xato va kamchiliklarning oldini olish usul va vositalarini o‘rgatadi.

Ahamiyatli tarafi, har bir xodim avvalo o‘z imkoniyatlari, kamchiliklari, yutuqlari hamda o‘zining psixologik xususiyatlarini aniq bilib, vaqti kelsa tashxis qo‘yib, tavsiflay olishi zarur hisoblanadi. Biz o‘zimizni qanchalik yaxshi anglasak, boshqa insonlarni shunchalik yaxshiroq tushuna boshlaymiz. Demak, psixologiyaning markaziy tushunchasi bu shaxs.

Psixologik ta’sir turli vositalar yordamida insonlarning fikrlari, hissiyotlari va xatti-harakatlariga ta’sir ko‘rsata olishdir. Ijtimoiy psixologiyada psixologik ta’sirning asosan uch vositasi farqlanadi.

Bular - verbal ta’sir — bu so‘z va nutqimiz orqali ko‘rsatadigan ta’sir - asosiy vositalar so‘zlardir. Paralingvistik ta’sir — bu nutqni bezovchi, kuchaytiruvchi yoki susaytiruvchi omillar. Noverbal ta’sir. Bunga suhbatdoshlarning nutqsiz, fazoda bir-birlariga nisbatan tutgan o‘rinlari, holatlari, qiliqlari, mimika, pantomimika, qarashlar, bir-birini bevosita his qilishlar, tashqi qiyofa, undan chiqayotgan turli signallar (shovqin, hidlar) kiradi.  Birinchidan, inson 70 foizga yaqin ma’lumotni ko‘rish, kuzatish kanallari orqali (vizual) qabul qiladi. Ikkinchidan, noverbal signallar suhbatdoshning haqiqiy hislari va fikrlarini tushunishni taqozo etadi. Uchinchidan, bizning suhbatdoshga munosabatimiz ko‘pincha birinchi taassurot orqali shakllanadi.

Tadbir yakunida  O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga  qarshi kurashish  agentligi buyurtmasiga binoan tayyorlangan “Talvasa” nomli badiy film ishtirokchilarga namoyish etildi.

Text to speech