10 Yanvar 2025 yil 474

“Yangi o‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri”

Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri” g‘oyasi asosida “Armiya va yoshlar” nomli harbiy vatanparvarlik tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Janubi - G‘arbiy maxsus harbiy okrugi tasarrufidagi harbiy qismlar, ichki ishlar organlarining harbiy tuzilmalari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida Qarshi shahrida harbiy paradga start berildi.   

Harbiy parad Qarshi shahridan boshlanib, Koson tumanida poyoniga yetdi. 

So‘ngra, Koson tumani markazida keng jamoatchilik vakillari hamda yosh xodimlarga, maktablar va akademik litseylar o‘quvchilariga mamlakatimiz Qurolli kuchlarining qudrati va harbiy salohiyati haqida tushunchalar berilib, harbiy texnikalar va qurol-aslahalar namoyish etildi.

Yoshlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan harbiy texnikalar va qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishib, sohaga bo‘lgan qiziqishlari yanada ortdi.

Yakunda Koson tuman markazida taniqli san’atkorlar ishtirokida galakonsert bo‘lib o‘tdi.

Mamlakat Qurolli kuchlarining 33 yilligi bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar viloyatda ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.

Text to speech