“Namunali oila” ko‘rik-tanlovi
“Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etish, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, dunyoqarashi va ma’naviyatini yuksaltirish, na’munali oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning oilalari o‘rtasida “Namunali oila” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rik-tanlovda viloyat Ichki ishlar organlari soha-xizmatlari, shahar-tuman ichki ishlar bo‘limida xizmat olib borayotgan yetti nafar xodimlarning oila a’zolari ishtirok etishdi.
Uch shart “Tanishtirish”, “Bu mening oilam” va “Biz kitobxon oilamiz” yo‘nalishlarida bo‘lib o‘tgan tanlovda ishtirokchilar bor mahorat va tajribalarini ishga solib kurashdilar.
Ishtirokchi oilalarning a’zolarini, oiladagi urf-odatlari, namunali jihatlari, erishgan yutuqlarini aks ettirgan holda she’riy va sahna ko‘rinishlari tarzida o‘zlarini tanishtirishi, oilaviy fotosuratlardan iborat elektron fotoalbom hamda o‘zlarining jamiyatda tutgan o‘rni, kasbi, sevimli mashg‘uloti, o‘zaro oilaviy munosabatlari, oiladagi an’ana va qadriyatlarini aks ettiruvchi videorolik hamda o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalari, buyuk mutafakkir va adiblar qalamiga mansub 10 ta badiiy asarlarning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyati bo‘yicha savollar asosida qatnashchilarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlari sinovdan o‘tkazildi.
Qizg‘in bahs-munozara asosida kechgan ko‘rik-tanlovda G‘uzor tumani ichki ishlar bo‘limi katta inspektori, safdor O‘tkir Xurramovning oilasi 3-darajali diplom va 1 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti, Yakkabog‘ tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika katta inspektori, mayor Matlabjon Bobomurodov 2-darajali diplom va 2 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Tanlovda barcha shartlarga a’lo darajada javob berib, mutloq g‘oliblikni Mirishkor tumani ichki ishlar bo‘limi xodimi kapitan Saloxiddin Xoliqovning oilasi 1-darajali diplom va 3 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanib, “Namunali oila” ko‘rik tanlovining respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi.