“Namunali mahalla huquq-tartibot maskani” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida
“Namunali mahalla huquq-tartibot maskani” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi
bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda viloyat hokimligi, ichki ishlar organlari
mas’ul xodimlari, mahalla faollari hamda jamoat tashkilotlari vakillari,
tanlovning shahar-tuman bosqichi g‘oliblari ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat IIB boshlig‘ining
o‘rinbosari, podpolkovnik Zavqiddin Xo‘janov ochdi.
Shundan so‘ng tanlov hay’ati tomonidan
hududlarda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish, fuqarolarning huquq
va erkinliklarini ta’minlash, ularning kundalik va maishiy muammolarini
bartaraf etish borasida mahalla yettiligining ko‘rgazmali ish-faoliyati
o‘rganib chiqildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, tanlovning
“Namunali mahalla huquq tartibot maskanlari” nominatsiyasida Chiroqchi tumani,
“Mustaqillik” mahallasidagi 6-sonli “Mahalla huquq-tartibot maskani”
profilaktika inspektori, kapitan Jasur Jumayev g‘olib deb topildi.
Navbatdagi sovrinli o‘rinlar esa Qarshi
shahar, “Oydin” mahallasining 1-sonli “Mahalla huquq-tartibot maskani”
profilaktika inspektori, katta leytenant Asqar Mamatov va Kitob tumani
“Paxtaobod” mahallasining 3-sonli “Mahalla huquq-tartibot maskani” profilaktika
inspektori, katta leytenant Yigitali G‘aniyevga nasib etdi.
Ko‘rik-tanlovning “Eng faol sektor rahbari”
nominatsiyasida Mirishkor tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik
Musurmon Bo‘riyev tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuqori baholanib,
g‘oliblik diplomi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari “Eng faol profilaktika
inspektori”, “Eng faol mahalla fuqarolar yig‘ini raisi”, “Eng faol hokim
yordamchisi”, “Eng faol xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor”, “Eng
namunali xotin-qizlar faoli”, “Eng faol yoshlar yetakchisi”, “Eng faol voyaga
yetmaganlar masalasi bo‘yicha inspektor-psixolog”, “Eng faol probatsiya xizmati
inspektori”, “Eng faol YPX inspektori”, “Eng faol PPX inspektori” kabi 11 ta
nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar ham aniqlandi.
Ko‘rik-tanlov g‘olibi va sovrindorlari diplom,
qimmatbaho sovg‘a hamda pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.