"Mustahkam oila – jamiyat koʼrki”
Qashqadaryo viloyati IIBda “Mustahkam oila – jamiyat koʼrki” mavzusida maʼrifat darsi boʼlib oʼtdi. Unda boshqarma sohaviy xizmatlari xodimlari, Qarshi davlat universiteti va viloyat diniy idora vakillari ishtirok etishdi. Tadbirni viloyat IIB boshligʼi oʼrinbosari, polkovnik X.Bozorov ochdi va olib bordi.
Koʼlami keng maʼrifiy tadbirda oila mustahkamligi jamiyat mustahkamligining asosi ekanligi taʼkidlandi. Oila deganda, koʼz oldimizga har bir soʼzi ibrat sabogʼi boʼlgan bobo-buvilar, mehrli nigohida hayotchanlik balqib turgan ota-onalar, ahil-inoq aka-uka, opa-singillar, bir-biridan shirin bolajonlarning shod-xurramligi fayz kiritgan oshyon keladi. Oila ana shunday hayot davomiyligini taʼminlovchi muqaddas dargoh. Unda hurmat-izzat, mehr-oqibat, kindik qoni tomgan ona Vatanga sadoqat, jonga jondosh millat taqdiriga daxldorlik hissi bilan el ishiga yelka tutishdek chin insoniy fazilatlar shakllanadi. Аvloddan-avlodga oʼtib kelayotgan milliy qadriyatlar, anʼanalar ham shu dargohda qalbga yanada chuqurroq oʼrnashadi.
Tadbirda ishtirok etgan Qarshi DU oʼqituvchisi Xolmurod Karimov, Qashqadaryo viloyati Bosh imom-xatibi oʼrinbosari Muhammadqori Qoraevlar buyuk allomalarimiz Mahmud Qoshgʼariy, Аhmad Yugnakiy, Kaykovusdan tortib Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Аlisher Navoiy, Mirzo Ulugʼbek oʼz asarlarida oilaviy masalalar, xususan, oila aʼzolari oʼrtasidagi oʼzaro munosabatlar, bola tarbiyasida ota-ona, bobo-buvining oʼrni, komil va vatanparvar shaxsni yetishtirishda oilaning ahamiyatiga alohida yondoshgani, ular oʼzlarining ibratli hikoyat, rivoyat, farzandlarga maktub, hikmatli soʼz, pand-nasihatdan iborat sheʼru nasriy asarlarida bu qoʼrgʼonni asrash, muqaddas deb bilish haqidagi hayotiy xulosalarini yozib qoldirganini eʼtirof etishdi.
Tadbir yakunida ichki ishlar organlarining obʼroʼ-eʼtibori va nufuzini oshirish, jamiyatda korruptsiya holatlariga murosasizlik bilan qarshi turuvchi, oʼz kasbiga halol va vijdonan yondoshgan Qashqadaryo viloyati IIB YHXB maxsus otryad YPX inspektori katta serjant Аbdusamad Rajabov pul mukofoti bilan taqdirlandi.