8 Avgust 2023 yil 327

Muhokamada xizmat intizomi va qonunchilik ijrosi

Qashqadaryo viloyati IIBda shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, xodimlar o‘rtasida turli korrupsion hamda favqulodda ro‘y beradigan salbiy holatlarni oldini olish, bu borada belgilangan chora-tadbirlar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Qashqadaryo viloyati IIB, vazirlik ShXBB Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, shahar-tuman IIB rahbariyati va ayrim xodimlari va ularning ota-onalari ishtirok etishdi. Ko‘lami keng yig‘ilishni viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Zavqiddin Xo‘janov ochdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Zavqiddin Xo‘janov so‘zga chiqib, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish, faoliyat davomida fuqarolar bilan muomala madaniyati, korrupsion va favqulodda holatlar sodir etilishini oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy-tahlil etdi. Faoliyat davomida tarbiyaviy-profilaktik, “xodimbay” ishlarni yanada kuchaytirish, shaxsiy tarkibning oila a’zolari bilan mustahkam aloqa o‘rnatish ko‘plab ko‘ngilsizlarni oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ko‘lami keng tadbirda so‘z olgan IIV ShXBB Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Temur Bayjanov ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan avtomashinani hujjatsiz boshqarmaslik, faoliyat jarayonida fuqarolar bilan xushmuomala bo‘lish, pirovardida xalq manfaatlariga xizmat qilishni ustuvor bilish, tamagirlik va korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bugungi kun talabi ekanligini shaxsiy tarkib e’tiboriga yetkazdi.

Bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlariga uy va avtomashina olish, ta’mirlash, davolanish va boshqa yo‘nalishlarda berilayotgan shuncha imkoniyatlarga qaramasdan viloyat ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tamagirlik, mansab mavqeidan foydalanish, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yayotgani nafaqat boshqarma, balki vazirlik rahbariyatini ham tashvishga solayotgani tanqid ostiga olindi.

Xizmat davomida xodimlar o‘rtasida korrupsiya va boshqa qonunbuzilishi holatlari xodimlar tomonidan yuqoridagi kabi salbiy holatlar yuz berganda ichki ishlar organlaridan bo‘shatish bilan cheklanib qolmasdan jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanishi to‘g‘risida xodimlar rasman ogohlantirildi.
Yig‘ilishda Qarshi shahar bosh imom xatibi “Xonaqo” jome masjidi imomi Yahyoxon Mansurov so‘zga chiqib, dinda ham, qonunda ham pora olish va berish jinoyati og‘ir gunoh ekanligini ta’kidladi. Bu borada Islom dinida pora xususida keltirilgan fikrlarni ishtirokchilarga tushuntirdi.
Tadbirda o‘z xizmat vazifasiga vijdonan va sidqidildan yondoshib, korrupsion holatni oldini olgani va fuqarolarda ichki ishlar organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlagani uchun Shahrisabz shahar IIB JXX YHXB YPX katta inspektori katta serjant Suxrob Norimov boshqarma rahbariyati tomonidan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Tadbirda “So‘nggi pushaymon” mavzusidagi videofilm ishtirokchilarga namoyish etildi.

Text to speech