29 Dekabr 2021 yil 1007

Mudhish jinoyat muhokamasi

Koson tumanidagi 33-oʼrta maktabda Quyi Obron qishlogʼida yashovchi ikki nafar fuqaroning oʼzaro kelishmovchiligi tufayli sodir etilgan jinoyat muhokamasiga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB boshligʼi polkovnik Shuhratjon Satvoldiev, tuman hokimligi, prokuraturasi, tuman Ichki ishlar boʼlimi, 1-sektor ishchi guruhi hamda oila va mahallani qoʼllab-quvvatlash tuman boʼlimi, hamda mahalla faollari va marhum va jinoyatchining yaqin qarindoshlari ishtirokida muhokama yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Maʼlum boʼlishicha, 2021 yil 18 dekabr kuni soat 21:45 larda Koson tumani “Quyi Obron” MFYda yashovchi muqaddam sudlangan Yu.А. hamqishlogʼi T.E. bilan qishloqdagi choyxonaga kelib, ovqatlanish jarayonida spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda bir-birini haqoratlab, janjallashib qoladi. Natijada sarxush yigitlar kuch sinashish maqsadida tashqariga chiqadi. Shu payt Yu.А. tashqaridagi shashlik qoʼra yonidagi stol ustida turgan pichoqni olib T.E.ning pastki jagʼiga tiqib oladi. Natijada, T. E. olgan ogʼir tan jarohati tufayli vafot etgan.
Yigʼilishda sodir etilgan mudhish jinoyatni yuzaga keltiruvchi shart-sharoitlar va omillar tahlil etilganda bu yigitlar bekorchilik tufayli spirtli ichimlikka roʼju qoʼyishi, hayotga yengil-elpi, turmush tashvishlariga yuzaki qarashi oqibatida yuz bergani, mahalla faollari, profilaktika inspektori va qarindoshlar nega bu holatga panja orasidan qaragani tanqid ostiga olindi.
Oʼylab koʼrilsa, mahallada fuqarolarning kundalik tashvishi va dardu muammolari bilan shugʼullanishi lozim boʼlgan mahalla rahbariyati, oqsoqollar, qoʼni-qoʼshni qolaversa, kayvonilar, qarindosh-urugʼlar qayoqqa “qaragani” bugun nomaʼlum. Ikki yigitning janjaliga guvoh boʼlganlar ularni murosaga chaqirish oʼrniga tomoshabin boʼlishgani mazkur jinoyatni yuzaga kelishiga sabab boʼlgan.
Xalqimizda soʼnggi pushaymon oʼzingga dushman, degan naql bor. Hali hayotning achchiq chuchugini tatib ulgurmagan Yu.А. achchiq qismatga duchor boʼldi. Ehtimol u qilgan qilmishini oʼylab, nadomat chekar. Lekin soʼnggi pushaymondan foyda yoʼq.
Mazkur holat yuzasidan Koson tuman IIB tomonidan Yu.А.ga nisbatan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech