9 Iyul 2025 yil 54

Mirishkor tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Xaydarov G‘ayrat Djumayevich tuman aholisiga murojaati

HURMATLI FUQAROLAR!

Ma’lumki, joriy yilning 3-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenting “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-sonli qarori imzolandi.

Mazkur hujjat yurtimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika ishlarini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi muhim dasturilamal hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mirishkor tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, barqaror va xavfsiz muhitni shakllantirish yo‘nalishida bir qator manzilli va tizimli ishlar amalga oshirildi.

Shu kabi choralar natijasida 2025-yilning birinchi yarmi davomida tumanimiz hududida birorta ham qotillik, bosqinchilik, talonchilik va bezorilik jinoyatlari sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. O‘rta og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish jinoyatlari soni esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaydi.

Shunga qaramay, ba’zi yo‘nalishlarda xavotirli holatlar kuzatilmoqda. Jumladan, olib borilgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan, joriy yilda tumanda 36 ta kiberjinoyat sodir etilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 57 foizga oshgan.

Bugungi kunda kiberjinoyatlarning turli shakllari fuqarolarning moliyaviy manfaatlariga, shaxsiy ma’lumotlariga va ijtimoiy faolligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Shu bois, har bir fuqaro o‘zini va yaqinlarini bunday tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha zarur bilim va malakaga ega bo‘lishi lozim.

Quyida keltirilayotgan asosiy tavsiyalar siz va oilagizni kiberjinoyatlardan himoya qilishga xizmat qiladi:

 

1. Kuchli parollardan foydalaning

Har bir akkaunt uchun alohida, murakkab va taxmin qilish qiyin bo‘lgan parol tanlang (harflar, raqamlar va maxsus belgilar aralashmasi).

Oddiy va oson topiladigan parollardan (masalan: “123456”, “qwerty”) foydalanmang.

Akkauntlaringizga ikki bosqichli autentifikatsiya (2FA) o‘rnating.

 

2. Shaxsiy ma’lumotlaringizni himoya qiling

Telefon raqami, pasport ma’lumotlari, bank kartasi rekvizitlari kabi shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga oshkor qilmang.

Ijtimoiy tarmoqlarda haddan ziyod shaxsiy ma’lumot joylashtirishdan tiyiling.

 

3. Firibgarlik xabarlaridan ehtiyot bo‘ling

Siz tanimagan manbadan kelgan xat, havola yoki ilovalarga ishonmang.

“Sovrin yutdingiz”, “Hisobingiz bloklandi” kabi xabarlarga ishonib, hech qanday havolaga o‘tish yoki ma’lumot kiritishga shoshilmang.

 

4. Qurilmangizni doimiy yangilab boring

Ishonchli antivirus dasturlarini o‘rnating.

Operatsion tizim, ilovalar va brauzerlarni muntazam yangilab boring.

 

5. Internet va Wi-Fi xavfsizligiga e’tibor bering

Ochiq Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanganda shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlaringizni kiritmang.

Uy Wi-Fi marshrutizatoringizga kuchli va xavfsiz parol o‘rnating.

 

6. Onlayn xaridlarda ehtiyotkor bo‘ling

Faqat ishonchli va litsenziyalangan saytlarda xarid amalga oshiring.

Bank kartasi ma’lumotlaringizni hech kim bilan ulashmang.

 

7. Farzandlaringizni ogohlantiring

Ularni internetdagi xavfli kontent, yot shaxslar va firibgarliklardan himoyalanishga o‘rgating.

Bolalar uchun xavfsiz rejimdagi ilovalar va nazorat dasturlaridan foydalaning.

 

8. Shubhali holatlarni zudlik bilan xabar bering

Agar siz yoki yaqinlaringiz kiberfiribgarlik yoki boshqa huquqbuzarlik qurboniga aylangan bo‘lsa, darhol tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling:
102 – Ichki ishlar bo‘limi

 

Hurmatli yurtdoshlar, jinoyatchilikka qarshi kurash va barqaror xavfsizlik muhitini ta’minlash har birimizning fuqarolik burchimizdir. Shu sababli, sizlarni ogoh, hushyor va qonunga sodiq fuqaro bo‘lishga chaqiramiz.

Kiberjinoyatlarga qarshi birgalikda kurashaylik!

Text to speech