14 Yanvar 2023 yil 379

“Milliy armiyamiz – Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!”

Qashqadaryo viloyati viloyati ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 31 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirga boshqarma sohaviy xizmatlari rahbarlari va ichki ishlar idoralarida samarali xizmat qilib bugungi kunda faxriylik gashtini surayotgan tizim faxriylari ham taklif etildi.

Tantanali tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev ochib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining soha vakillariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida keyingi yillarda ushbu qutlug‘ ayyom umumxalq bayramiga, xalqimizga xos bo‘lgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi, dedi.

Milliy armiyamizning kuch-qudrati azmu shijoatli va har ishda yetuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bag‘rikeng va olijanob xalqimizning birligi va hamjihatligidadir. Bu haqiqatni bugungi kunda har fuqaro har qachongidan ham chuqur his etmoqda. Ana shunday buyuk ma’naviy qudrat manbai bor ekan, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayotiga, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch rahna sololmaydi.

Muhtaram Prezidentimiz Vatan himoyachilariga yo‘llagan tabrigida “So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o‘zgardi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor, deya bejizga ta’kidlamadilar.

Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan, xalqimizning tinch mehnati, osoyishta hayotini, yurtimizning musaffo osmonini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga har tomonlama qodir tizimga aylandi.

O‘tgan yillarida boshqa sohalar qatori ichki ishlar organlari ham g‘oyat sharafli va mas’uliyatli yo‘lni bosib o‘tdi. Ayniqsa, keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida ichki ishlar organlarida keng ko‘lamli va puxta o‘ylangan islohotlar amalga oshirildi.

Sohada amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijasida xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, zamonaviy moddiy texnik vositalar bilan ta’minlangan, yuksak bilim va professional ko‘nikmalarga ega vatanparvar kadrlarni o‘zida jamlagan, eng asosiysi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikning kafolati bo‘la oladigan yangi tizim yaratildi. Yurtimizda huquqbuzarliklar, jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish va sodir etilganlarini fosh etish borasida ichki ishlar organlari xodimlari samarali xizmat qilmoqda.

Albatta, xalqimizning xizmat qilgan elda aziz, degan iborasi bejizga aytilmagan. Mustaqilligimizni mustahkamlash va ko‘z qorachig‘idek asrash, osoyishtalikni hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash yo‘lida xizmat chog‘ida halok bo‘lgan xodimlar yodi hamisha qalbimizda.

Ichki ishlar idoralari tizimlarida samarali xizmat qilib, hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh viloyat ichki ishlar organlari xodimlari Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga binoan bir guruh xodimlarga “A’lo xizmatlari uchun”, “Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari hamda “Faxriy yorliq”, qo‘l soati, pul mukofotlari, rag‘batlantirish tariqasidagi navbatdagi maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi. Tadbirda bir guruh faxriylar va xodimlar boshqarma boshlig‘ining buyrug‘iga binoan pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Text to speech