“Millatlararo totuvlik va doʼstlik – taraqqiyot omili”
Qarshi shahar IIBda “Millatlararo totuvlik va doʼstlik – taraqqiyot omili” mavzusida maʼrifat darsi boʼlib oʼtdi. Unda boshqarma sohaviy xizmatlari va Qarshi shahar IIO FMB xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirda IIV Qashqadaryo akademik litseyi oʼqituvchisi Gʼolib Xudoyqulov ishtirok etib, millatlararo totuvlik – umumbashariy qadriyatligini, u nafaqat turli xalqlar birgalikda istiqomat qiladigan mintaqa va davlatlar milliy taraqqiyotini belgilaydi, balki butun dunyoda tinchlik va taraqqiyotning kafolati boʼlib xizmat qilishini taʼkidladi.
Bir millatli davlatlarga nisbatan koʼp millatli davlat madaniy, maʼnaviy boy deyish mumkin. Chunki mamlakat ichidagi milliy madaniyatlar muloqoti ularni boyitadi. Vatanimizda yashayotgan turli xalqlar oʼrtasida oʼzaro hurmat, teng huquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlashga, uning qonuniy asoslarini yaratishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Ushbu tamoyillar Oʼzbekiston Konstitutsiyasi va barcha qonunlarimizda aniq hamda qatʼiy muhrlab qoʼyildi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 4-moddasida Oʼzbekiston davlati oʼz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlashi, ularning rivoji uchun sharoit yaratishi alohida koʼrsatilgan. Аsosiy Qonunimizning 18-moddasida esa mamlakatimizning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi belgilab qoʼyildi.
Mamlakatimizda bir yuz oʼttizdan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. Аna shunday koʼp sonli millat va elat vakillarining birgalikda, ahil va hamjihat boʼlib umr kechirishi natijasida ularning har biri maʼnaviy va madaniy jihatdan boyib, oʼzaro munosabatlar taʼsirida koʼp millatli xalqimizning turmush tarzi yanada yuksalmoqda.
Millatlararo totuvlik, oʼzaro doʼstlik rishtalarini yanada mus¬tahkamlash haqida 2020 yil 29 dekabrь kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga navbatdagi murojaatida ham taʼkidlandi. Murojaatnomada 30 iyulь – Xalqaro doʼstlik kuni munosabati bilan «Doʼstlik haftaligi»ni tashkil etish hamda ushbu haftalik doirasida «Doʼstlik» xalqaro forum-festivalini oʼtkazish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, «Xalqlar doʼstligi» koʼkrak nishonini taʼsis etish haqidagi tashabbus ham qoʼllab-quvvatlandi. Bu yil «Xalqlar doʼstligi kunini belgilash toʼgʼrisida»gi Qonun kuchga kirdi.
«Xalqlar doʼstligi kuni»ni nishonlashdan asosiy maqsad insonlar, xalqlar, davlatlar – umuman olganda jamiyatning turli qatlamlari hamda tuzilmalari oʼrtasida hamjihatlik, bagʼrikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va doʼstlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan iborat.