19 Avgust 2021 yil 717

Qarshi shahrida bir guruh shaxslar tomonidan sport murabbiyi Elbek Rahimovning oʼldirib ketilgani bilan bogʼliq jinoyat tafsilotlari yuzasidan matbuot anjumani boʼlib oʼtdi

Qashqadaryo viloyati prokuraturasida marhum sport murabbiyi Elbek Rahimovning oʼlimi bilan bogʼliq matbuot brifingi boʼlib oʼtdi. Unda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vaziri hamda jurnalist va blogerlar hamda mahalliy va markaziy matbuot nashrlari vakillari ishtirok etishdi. Unda marhum sportchining oʼlimi bilan bogʼliq holatlar ochiqlandi.
Brifingda maʼlum qilinishicha, Elbek Rahimov bilan guruh boshi Zuhriddin Boymirzaev oʼrtasida avvaldan kelishmovchiliklar boʼlib kelgan. Xususan, Boymirzaev marhum Rahimovning ukasi bilan tortishib qolgan. Bunga javoban joriy yilning 17 iyunь kuni marhum Rahimov Boymirzaev bilan oʼzaro janjallashgan.
Shu kuni soat 10-00 larda Qarshi shahrida yashovchi E.R.ni koʼp qavatli uyidan chiqishini kutib turgan Z.Boymirzaev sovuq qurollar bilan qurollangan sheriklari bilan uni bosh, yuz, koʼkrak va tanasining boshqa sohalariga urib, ogʼir tan jarohati yetkazib, “Jentra” avtomashinasiga majburan mindirishib, jinoiy qilmishlarini yashirish maqsadida Chiroqchi tumani Tibbiyot birlashmasiga olib borib tashlab ketishgan.
Natijada E.R. koʼrsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan shu kuni shifoxonada vafot etgan.
Jinoyatni “issiq izlar”da fosh etish maqsadida olib borilgan tezkor qidiruv surishtiruv tadbirlari natijasida shu kunning oʼzida jinoyatga aloqador Qarshi shahri va Qarshi tumanida yashovchi fuqarolar Sh.T., J.А., O.R., Ya.Ya., Sh.Z. va E.А. JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Holat yuzasidan Qarshi shahar prokurori tomonidan Z.B. va boshqalarga nisbatan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l,p” bandlari bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini Bosh prokuror Nigʼmatillo Yoʼldoshev maʼlum qildi.
Holat yuzasidan Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.Bobojonov jinoyat sodir etgan shaxslarning oilaviy muhiti va turmush tarzi haqida maʼlumot berarkan, jinoiy guruh orasida ikki nafari muqaddam sudlangani, ulardan birining otasi onasini oʼldirib, hozir jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʼtayotganini maʼlum qildi. Jinoiy guruhning qolgan aʼzolari ham nazoratsiz qolgani, ular mustaqil sport bilan shugʼullanib, kuchini ezgulik uchun emas yovuzlik yoʼlida ishlatganini taʼkidladi. Ular orasida ikki nafar voyaga yetmagan oʼsmirlar borligi esa ota-onalarning bola nazoratidagi sustkashligidan boshqa narsa emas.
Muxtasar aytganda ilk marotaba huquqbuzarlik sodir etgan shaxs qayta qonunbuzarlikka qoʼl urmasligi uchun mahallada ota-onasi va keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etishni ishlarini yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Oliy sud raisi K.Kamilov mamlakatimizda qonun ustuvorligi va fuqarolarning haq-huquqlarini taʼminlashning barcha huquqiy asoslari yetarli ekanligini taʼkidladi. Sudlar ochiq va shaffof boʼlishi uchun bir sohada qator islohotlar amalga oshirildi. Natijada sudьyalarning mustaqilligi taʼminlanib, odil va xolis ish yuritish mexanizmi yoʼlga qoʼyildi. Sudlarda jinoyat va fuqarolik ishlari koʼrilishida ochiqlik va shaffoflik, xolislikka qatʼiy amal qilishi uchun barcha choralar koʼrildi. Har bir koʼrilayotgan ish toʼgʼridan toʼgʼri markaz tomonidan kuzatilishi uchun sud zallari video kuzatuv vositalari bilan jihozlandi. OʼZ navbatida bu ham odil sudlovni amalga oshirishda oʼz natijasini bermoqda.
Bugungi qotillik jinoyati borasida esa shuni aytish mumkinki, jinoyatchilar albatta, qonuniy jazosini olishadi. Bunga hech qanday shak-shubha yoʼq.
Brifingda jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan barcha savollarga toʼliq va xolis javoblar berildi.

Text to speech