MAQSAD -XAVFSIZLIKNI TA’MINLASH
Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Abduvoxid Ismoilov ishtirokida Qarshi tumanida kriminogen vaziyatni jilovlash, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish, sodir etilganlarini fosh etish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, Qarshi tuman sektorlar rahbarlari, shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Yig‘ilishda viloyat IIB boshlig‘i tumanda jinoyatlarni barvaqt aniqlab oldini olish, bozorlar, umumiy ovqatlanish joylari va uning atrofida qonunbuzarliklarga barham berish borasida bajarilgan ishlarni atroflicha muhokama qildi. Tumanda jinoyatlarni oldini olishda ichki ishlar organlari xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda nazorat-kuzatuv ishlarini kuchaytirish lozimligini ta’kidladi.
Tumanga kirish-chiqish, markaziy chorrahalari, bozorlar va aholi gavjum to‘planadigan maskanlarida videokameralar o‘rnatilib, ishchi holatga keltirilib, IIB situatsion markaziga ulanganini qayd etdi.
Mas’ullarga tumandagi kriminogen vaziyati og‘ir maskanlar, jinoyat o‘choqlari haqida xaritali taqdimot namoyish etilib, bu joylarga ham videokamera o‘rnatish ishlarini yana bosqichma-bosqich davom ettirish, xavfsizlikni ta’minlash borasida tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Ichki ishlar organlari xodimlari faoliyat davomida xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etishi, fuqarolar bilan xushmuomala bo‘lib, korrupsion holatlarga murosasiz ruhda ish yuritishi lozimligi xususida shaxsiy tarkibga yo‘riqnoma va tavsiyalar berdi.
Yakunda tashkiliy masala - Qarshi tuman IIB boshlig‘i lavozimiga podpolkovnik Nurbek Safarov tayinlandi.