9 Aprel 2021 yil 652

Maqsad – xodimlar salomatligini saqlash


Mamlakatimizda el sogʼligi, fuqarolar salomatligi, aholining tibbiy-profilaktik madaniyatini kuchaytirish davlatimizning ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy yilning “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nomlangani va yil talabidan kelib chiqib, tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar buning yaqqol isboti.
Boshqa sohalarda boʼlgani kabi ichki ishlar organlarining tibbiyot sohasi ham xodimlar salomatligini mustahkamlash, ularda tibbiy profilaktik madaniyatni kuchaytirish borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, yaqinda viloyat IIB Tibbiyot boʼlimi shifokorlari xodimlar salomatligini saqlash, ularda uchraydigan birlamchi va surunkali kasalliklarni erta aniqlab, oldini olish maqsadida joylarda sayyor tibbiy koʼrik oʼtkazmoqda. Yaqinda boshqarma Tibbiyot boʼlimi shifokorlari Shahrisabz tuman IIBda sayyor qabul oʼtkazishdi. Unda Shahrisabz va Yakkabogʼ tuman IIBlari xodimlari tibbiy koʼrikdan oʼtkazildi.
Sayyor qabulda boshqarma Tibbiyot boʼlimiga biriktirilgan 76 nafar xodimlar boʼlim poliklinikasining terapevt, nevrolog, jarroh, kardiolog, urolog, lor, oftalьmolog shifokorlari tomonidan tibbiy koʼrikdan oʼtkazildi. Bemorlar EKG, UTT va boshqa tibbiy apparatlarda tekshiruvdan oʼtkazilib, qon va peshob tahlillari topshirishdi. Qabulda 16 nafar “D” hisobda turuvchi bemorlarga, 4 nafar birlamchi kasalliklar aniqlangan xodimlarga IIV tizimidagi va viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi davolash profilaktika muassasalariga davolanishga tavsiya berildi.
Shu kuni tadbir 16 nafar 40 yoshdan oshgan xodimlar ham tibbiy koʼrikdan oʼtkazilib, ularda aniqlangan kasalliklar boʼyicha davolanishi uchun tavsiyalar berildi. Baʼzilariga IIV tizimidagi davolash profilaktika muassasalariga yoʼllanmalar berish nazoratga olindi. Sogʼligining holati va yillik tibbiy profilaktik koʼrikdan oʼtgan ichki ishlar organlari xodimlarining savollariga shifokorlar tomonidan javoblar berildi.
- Bu kabi sayyor tibbiy koʼrik anʼanaviy tarzda har yili oʼtkazib kelinmoqda, - deydi boshqarma Tibbiyot boʼlimi poliklinikasi boshligʼi kapitan Sh.Haydarov. – Bu oʼz navbatida xodimlarning ovvora boʼlib, ham vaqt, ham mablagʼ yoʼqotishining oldini olmoqda.
Boʼlim poliklinikasi shifokorlari bilim va malakasini boyitish maqsadida reja asosida sogʼliqni saqlash vazirligi tizimidagi malaka oshirish oliygohlarida oʼqib qaytmoqda. Shifookorlar zamonaviy tibbiy texnikalar bilan ishlashni oʼzlashtirib, mavjud tibbiy asboblardan samarali foydalanib, xodimlarda, faxriylar va ularning oila aʼzolarida uchraydigan surunkali va mavsumiy kasalliklarni erta aniqlab, oldini olish choralarni koʼrmoqda.
Oʼylaymizki, bu kabi sayyor tibbiy koʼrik ham shaxsiy tarkib, ham shifokorlar uchun har tomonlama foydali va samarali boʼlayotir.

Text to speech