Maqsad - jazolash emas tarbiyalash
Maʼlumki, shaxs tarbiyasida, uning xulq-atvori, maʼnaviy kamolini yuksaltirish, kasb-hunar oʼrgatish, halol mehnatga munosabatini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etadi. Boisi, hunar har qanday odam uchun hunar bir umrlik zaruriy ehtiyoj. Аyniqsa, bilib-bilmay yoki ehtiyotsizlik tufayli jinoyat sodir etgan shaxslarni qayta tarbiyalash, ularning jamiyatda oʼz oʼrnini topishida kasb-hunar oʼrgatish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jazoni ijro etish boshqarmasi tasarrufidagi 2-sonli Jazoni ijro etish muassasasida samarali uslublardan foydalanib, bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Taʼkidlash joizki, koloniyada mahkumlarni kasb-hunarga jalb etish maqsadida maktab tashkil etilgan boʼlib, ustoz-shogird anʼanasi yoʼlga qoʼyilgan. Maktabda ayni kezlarda oʼymakorlik, ratang mebel kabi yoʼnalishlarda 100 dan ortiq mahkumlar hunar oʼrganishmoqda. Bundan tashqari, muassasada sovun ishlab chiqarish, gips va quruq aralashma, rodbon, shpakelyovka, oboy kleyi ishlab chiqarish ham yoʼlga qoʼyilgan.
Hunar kelgusida ozodlikka chiqqan har bir shaxs uchun hayotda asqotishi, natijada kelgusida kasb kori ortidan roʼzgʼor tebratib, tirikchilik uchun jinoyatga qoʼl urmasligiga yoʼllanma.
Koʼp miqdorda giyohvandlik moddasi savdosi bilan shugʼullangani uchun ozodlikdan mahrum etilgan fargʼonalik mahkum Rasulov Shuhrat ayni kezlarda ratang mebel yoʼnalishida ustaga shogird tushgan. U qilgan ishidan pushaymon.
Hunar-hunardan unar deganlaridek, biror kasbni oʼrganib, ozodlikka chiqqan mahkum, albatta, halol mehnati bilan roʼzgʼor tebratadi. Qolaversa, jamiyatga ham foydasi tegadi.
Bu saʼy-harakatlar mahkumlar hayotida boʼlayotgan oʼzgarishlar, oʼzaro bir-biriga boʼlgan taʼsir, maʼnaviy bogʼlanish, axloqiy tarbiya jarayonida oʼzining ijobiy samarasini bermoqda.
Hukumatimiz tomonidan mahkumlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, muassasalar maʼmuriyati tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar har bir jazo oʼtayotgan shaxsning kelgusida toʼgʼri hayot yoʼlini tanlashida asqotishi tayin.