MАQSАD – INFEKTSIYA TАRQАLISHINING OLDINI OLISH
Qashqadaryo viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyatga koronavirus infektsiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʼyicha bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, soha xodimlari vohaning Qarshi va Shahrisabz shaharlarida tashkil etilgan blok postlarga va mahallalarga biriktirilgan holda xizmat oʼtamoqda. Soha xodimlari profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda kunlik xizmat olib borgan holda koronavirus infektsiyasining tarqalib ketishini oldini olish maqsadida transport vositalari va maqsadsiz yurgan fuqarolar harakatini cheklash, ular tomonidan karantin qoidalariga amal qilishi hamda sektor rahbariyati tomonidan tashkil qilingan koʼchma savdo rastalarida belgilangan qoidalarga rioya qilgan holda xarid qilinishini nazorat qilib bormoqda.
Shuningdek, boshqarma xodimlari Shahrisabz shahriga Ipak Yoʼli va Fusunkor koʼchalari orqali kirib kelishda vaqtincha tashkil etilgan 2 ta toʼsiq postlarida avtotransport vositalari va fuqarolarning harakatini tartibga solishda sohaviy xizmatlar xodimlari bilan hamkorlikda xizmat qilmoqda.
Shahrisabz shahridagi “Shahrisabz yulduzi”, “Ulugʼbek”, “Kesh palace” va boshqa mehmonxonalarda yashayotgan xorijiy mehmonlarga shaxsiy gigiena qoidalariga toʼliq amal qilish, bemaqsad jamoat joylariga chiqmaslik, hukumatimiz tomonidan karantin qoidalariga toʼliq amal qilishi toʼgʼrisida tushuntirish ishlari olib borilayotir. Belgilangan tartib-qoidalarni buzgan shaxslar maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi toʼgʼrisida ogohlantirildi.
Boshqarma xodimlari fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlari vakillari bilan karantin qoidalariga rioya qilish boʼyicha 29 marotaba tushuntirish va targʼibot ishlarini olib borishdi.
Аmalga oshirilgan targʼibot ishlariga qaramay soha xodimlari tomonidan biriktirilgan hududda qarantin tadbiri qoidalarini buzgan 109 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli choralar koʼrildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Qashqadaryo viloyati IIB Аxborot xizmati