“MА'NАVIYAT MАRSHRUTLАRI-DOIMIY TАSHRIFLАR MАSKАNI”
Qashqadaryo viloyati IIBda “Maʼnaviyat marshrutlari – doimiy tashriflar maskani” mavzusida maʼrifat darsi boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB sohaviy xizmatlari xodimlari ishtirok etdi. Yigʼilishni viloyat IIB MMI va KBTX boshligʼi oʼrinbosari podpolkovnik Sh.Muslimov ochdi
Yigʼilishda mavzu doirasida viloyat Musulmonlar idorasi vakili Ramziddin Rayhonov ishtirok soʼz olib, rivojlanish jarayonida har bir sohaga maʼnaviyat va maʼrifatni tatbiq etish, ishni shu asosda tashkil etish vazifasi qoʼyilayotgani bejiz emasligini taʼkidladi. Zero, maʼrifatga yoʼgʼrilgan har qanday amal taraqqiyning tamal toshidir.
Ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini oshirish, ularni milliy qadriyatlariga sodiq barkamol shaxs sifatida tarbiyalash maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti tomonidan «Maʼnaviyat marshrutlari» ishlab chiqildi. Unga asosan, 2022 yil davomida yurtimizning diqqatga sazovor joylari, muzeylar, maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari, tarixiy hamda madaniy obidalariga tashrif buyurish nazarda tutildi. Unda oʼlkamizning tarixiy maskanlariga sayohat qilish rejalashtirilgani birinchi galda xodimlarning oʼz tugʼilib oʼsgan yurti tarixini chuqurroq bilishni, ajdodlarning oʼchmas xotirasiga, ular qoldirgan boy maʼnaviy merosni asrash va uni kelajak avlodga yetkazish masʼuliyatini yuklaydi.
Insoniyat tamadduni beshiklaridan boʼlmish Oʼzbekistonda ne-ne buyuk allomalar, diniy va dunyoviy ilm egalari yashab, ijod qilgan. Yetti pir – Abduxoliq Gʼijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fagʼnaviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmualari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanadi. Yetti piri komil Paygʼambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan boshlangan «oltin silsila»ning davomchilari sifatida eʼtirof etilgan.
Bundan tashqari, Samarqandning butun olamga mashhur obidalari sayyohlarni bir necha asrlardan buyon oʼziga mahliyo yetib kelayotgan sohibqiron bobomiz, Mirzo Ulugʼbek va Qashqadaryoning zumrad gavhari Shahrisabz shahridagi Oqsaroy majmuasi, Аbu Ubayda Ibn al-Jarroh, Аbu Muin Nasafiy yana koʼplab tarixiy shaxslarning mangu qoʼnim topgan maskaniga ziyorat asnosida har gal yangidan-yangi maʼlumotlarni olasiz, bu dunyo oʼtkinchi ekani, yaxshi amallargina inson nomini abadiyatga muhrlashini anglab, ruhingiz tozargandek boʼladi, goʼyo.
Zero, diyorimiz milliy qadriyatlari, madaniyati rivojlangan, yuksak maʼnaviyatga ega tamaddun oʼchogʼidir
Davlatimiz rahbari «Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʼlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir» deya bejiz taʼkidlamaganlar.