5 Fevral 2024 yil 471

Kursantlar amaliyotga kirishdilar

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi 3-bosqich kursantlarining amaliyotga kirishishga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma rahbariyati, Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Akdemiya Tashkiliy-shtab faoliyati kafedrasi o‘qituvchisi, murabbiy etib biriktirilgan ichki ishlar organlari xodimlari, kursantlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi. Yig‘ilishni viloyat ichki ishlar boshqarmasi  boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Zavqiddin Xo‘janov ochdi.

Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan g‘amxo‘rlik va e’tiborning  oshganligi, ularning har tomonlama mukammal va yetuk bo‘lib ulg‘ayishlari uchun bir qator imkoniyatlar yaratilganligini qayd etishdi.

Xususan, jinoyatchilikni oldini olish va unga qarshi kurashish, pinhona sodir etilgan qonunbuzarliklarni fosh etish soha vakilidan, albatta, tajriba va malaka talab etadi. Ana shu maqsadda har yili respublika Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining bitiruvchi kurs tinglovchilari ish o‘rganish, oliygohda olgan bilimlarini amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash, kasb sirlarini puxta o‘rganish uchun joylarda amaliy mashg‘ulotlar o‘taydilar. Bunda amaliyot bilan birga kursantlarning kasbiy mahorati, jismoniy va jangovar shayligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.

Jumladan, viloyat ichki ishlar boshqarmasiga amaliyot o‘tash uchun kelgan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi 3-bosqich kursantlari shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlarida Tergov, Jinoyat-qidiruv, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Ekspert-kriminalistik yo‘nalishlari bo‘yicha tizimda uzoq yillar xizmat qilgan tajribali xodimlar murabbiyligi ostida belgilangan dasturlar asosida mashg‘ulotlar o‘tashadi. Qolaversa, jinoyatchilikka qarshi kurashishda favqulodda va qaltis holatlar yuzaga kelganda to‘g‘ri va oqilona qaror qabul qilib, xavfsizlik choralarini inobatga olgan holda harakat qilishi lozimligi yoshlarga o‘rgatiladi.

Shu bilan bir qatorda ular amaliyotda xizmatda asqotadigan  meyoriy hujjatlarni ham o‘qib o‘rganishadi.

Amaliyot davomida kursantlar xizmat kiyimida noo‘rin xatti-harakatlar sodir etmasligi, o‘z ustida ishlab, amaldagi buyruqlar va qonunlarni puxta o‘rganishi, salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari, tengqurlarining nojo‘ya harkatini sezganda ogohlantirishi va bu haqda rahbariyatni xabardor qilishi lozimligi tushuntirildi.

Yakunda, o‘quv fanlarini a’lo baholarga topshirgan, namunali intizomli kursantlarning ota-onalariga Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi rahbariyatining “Tashakkurnoma”lari topshirildi.

Text to speech