19 Iyun 2021 yil 584

Koson tumani IIBda oʼgʼirlik va firibgarlik jinoyatlarini oldini olishga qaratilgan keng qamrovli targʼibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Keyingi vaqtlarda sodir etilayotgan jinoyatlar orasida oʼgʼrilik va firibgarlik holatlarining salmogʼi yuqoriligicha qolmoqda. Bu turdagi jinoyatlarni oldini olish va bunga imkon yaratgan shart-sharoitlar tahlil etilib, aholi oʼrtasida muhokama etish ishlari muntazam amalga oshirilayotgan boʼlsa-da, hanuz oʼzgalar mulkini oʼgʼirlash, odamlarni aldab chuv tushirish holatlari roʼy bermoqda. Xoʼsh, oʼzgalar mulkiga koʼproq qaysi toifa shaxslar koʼz olaytirmoqda, odamlarni aldab pulini olayotganlar kimlar? Аlbatta, bekorchi, biror tayinli kasb-hunarning boshini tutmagan, yalqovlikka mukkasidan ketib, bel ogʼritmay non yeyishni odat qilgan shaxslarni koʼrsatish mumkin. Bugungi kunda sektorlar ishchi guruhi tomonidan bekor yurgan fuqarolar, ayollar va yoshlarni bandligini taʼminlash, probatsiya xizmati nazoratida turgan shaxslar bilan amalga oshirilayotgan profilaktik ishlarni yanada kuchaytirishni davr talab etmoqda. Shu bois, oʼgʼrilik qilgan va firibgarlikka qoʼl urgan shaxslarning kirdikorlarini boshqalarga saboq boʼlishi uchun keng jamoatchilik oʼrtasida muhokama etish, jinoyatni yuzaga keltirgan shart-sharoitlarni chuqur tahlil etish ishlarini kuchaytirish kelgusida oʼz samarasini beradi. Qolaversa, mahalla guzarlari, bozorlar, aholi gavjum joylarda “Firigarlik qurboniga aylanib qolmang” “Ogoh boʼling, firibgar”, “Oʼz mulkingiz xavfsizligini taʼminlang” kabi mavzularda targʼibot tashviqot ishlarini muntazam amalga oshirish lozim. Ushbu mavzularda qoʼlda olib yurishga muljallangan qoʼllanmalar, plakatlarni odamlar diqqatini tortadigan joylarga qoʼyish yoki tarqatish ishlari ham fuqarolarni hushyorlikka chorlaydi. Mavzu doirasida Koson tuman IIBda boʼlib oʼtgan tadbirda oʼgʼrilik va firibgarlik jinoyatidan jabr koʼrgan fuqarolar, probatsiya nazoratida turgan shaxslar, mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, bu turdagi jinoyatlarning oldini olish borasida fikr-mulohazalar qatnashchilarga jonli misollar asosida tushuntirildi. Tadbirda IIV va Koson tuman IIB huzuridagi TB va boshqa soha xizmatlari xodimlari ishtirok etdi.

Text to speech