Korrupsiyaga qarshi kurashish – davr talabi
Barchamizga maʼlumki, hozirgi zamon milliy va xalqaro huquqida tobora koʼp qoʼllanilayotgan atamalardan biri bu korrupsiya boʼlib, bu illatga qarshi jahon miqyosida keng qamrovda kurash olib borilmoqda. Mamlakatimizda ham korrupsiya illatiga qarshi kurashish davlat ahamiyatiga molik masala sifatida alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Barcha sohalarda boʼlgani kabi ichki ishlar organlarida ham korrupsiyaga qarshi kurashish, bu illat tag-tomiri bilan yoʼq qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqinda viloyatning Mirishkor, Kasbi, Qarshi tumanlari ichki ishlar boʼlimlarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish – davr talabi” mavzusida yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda ichki ishlar vazirligi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati masʼul xodimlari va uning viloyat boshqarmasi rahbariyati, ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi, faxriylar hamda ota-onalar hamda oila aʼzolari ishtirok etishdi.
Tadbirda soʼzga chiqqanlar korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadigan, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradigan, pirovardida inson huquq va erkinliklarining poymol boʼlishiga olib keladigan illat ekanligini taʼkidlashdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu jinoyatga “Jinoyatning yopiq va eng qabih turi bor. Bu korrupsiya va poraxoʼrlik, jinoyatning bu turi boshqaruv apparatini izdan chiqaribgina qolmay, bozor asoslarini ham barbod etishi mumkin. Korruptsiya, eng avvalo, uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor boʼlish yoki toʼgʼridan-toʼgʼri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanishidir” deb bejiz taʼrif berilmagan.
Kengaytirilgan yigʼilishlarda bugun respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi shakllangani, barcha xodimlar oʼz xizmat vazifalarini halol, vijdonan, yuqori professional darajada va vakolatlaridan chetga chiqmagan holda bajarishi, har qanday vaziyatda oʼz shaʼni va qadr-qimmatini saqlashi, odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, kamtar, xushmuomalada boʼlishi, hech kimga nisbatan qoʼpol muomalada boʼlmasligi, fuqarolarni qabul qilishda oʼzining xolisligi va begʼarazligini namoyon etishi lozimligi ishtirokchilarga uqtirildi. Shuningdek ichki ishlar organlarini obroʼsizlantirish va nufuziga putur yetkazishi mumkin boʼlgan xatti-harakatlardan oʼzini tiyishi, oʼz xizmat vazifalarini amalga oshirish bilan bogʼliq harakat yoki harakatsizlik evaziga pul, moddiy boylik va mulkiy ahamiyatga ega xizmatlar yoki boshqa koʼrinishda haq olmasligi, oʼz xizmat mavqeidan oʼzi, qarindoshlari va boshqa shaxslar uchun biron-bir manfaat, xizmat, tijorat yoki boshqacha tarzda foydalanmasligi, shaxsiy masalalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarga murojaat qilganda xizmat mavqeidan foydalanmasligi, boʼysinuvidagi xodimlarni noqonuniy qarorlar qabul qilish yoki gʼayriqonuniy harakatlar sodir etishga majbur etmasligi kerakligini har kuni yodda tutmogʼi lozimligi taʼkidlandi.
Umuman olganda, korruptsiya hodisasiga soʼzning maʼnosidan kelib chiqib yondoshadigan boʼlsak, bu shunchaki jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, balki maʼnaviy buzilish holatidir. Shunday ekan, oʼylaymizki, mazkur illatga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha birdek masʼuldirlar.
Yakunda Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Xiyonat” nomli videofilm qatnashchilarga namoyish etildi.