“Korrupsiya va milliy taraqqiyot: muammo va yechimlar”
Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Korrupsiya va milliy taraqqiyot: muammo va yechimlar” mavzusida “Ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlar xodimlari va viloyat Adliya boshqarmasi va Ichki ishlar vazirligi Qashqadaryo akademik litseyi o‘qituvchilari ishtirok etdi. Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Olimjon Abdullayev ochdi.
Yig‘ilishda so‘z olgan viloyat Adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nilufar Sattorova korrupsiyaga qarshi mamlakatimizda jiddiy kurash olib borilayotgani, bu borada mamlakatimizda bir qator normativ-huquqiy hujjatlar, dasturlar qabul qilinganini ta’kidladi. Shaffoflik, ochiqlik-oshkoralik mavjud joyda korrupsiya barham topishini, davlat idoralarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq bo‘lishiga, rahbarlarning kundalik faoliyatida jurnalistlar bilan yaqin muloqot va hamkorlik o‘rnatishiga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Tan olish kerakki, bu korrupsiyaning oldini olish, uni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, mamlakatimizda so‘nggi yillarda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining isloh qilinganini, 200 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari qulay, markazlashgan hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali ko‘rsatilayotgani, bu jarayonda inson omilining kamaytirilgani, shubhasiz, korrupsiyaviy holatlarni sezilarli darajada kamayishiga xizmat qilayotir.
Ichki ishlar vazirligi Qashqadaryo akademik litseyi o‘qituvchisi Iroda Murodova ichki ishlar organlari xodimlarining ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini oshirishda kitob mutolaasining axamiyati nihoyatda muhimligi, bu borada xalqimizning sevimli adibi Mirkarim Osimning “Shiroq” va “To‘maris” qissalari va unda yurtparvarlik tuyg‘usi, Vatanga va xalqqa sadoqat g‘oyalari yaqqol ifodalanganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2022 yil 7 iyundagi “Ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylika rioya etilishini mustahkamlash hamda “Temir intizom va halollik – muvaffaqiyat kaliti” shiori ostida “Intizom oyligi” o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishining mazmun- mohiyati va bu borada amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni Boshqarma ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Shermuhammad Muslimov shaxsiy tarkibga yetkazdi.